Ma’rifatli ayollar sog‘lom kelajak asosi (Samarqandda otinoyilar uchun o‘quv seminar)
Ma’lumki, jamiyatning barqaror bo‘lishi, yoshlarning milliy-diniy qadriyatlarga sodiq holda tarbiya topishi, oilalarda sog‘lom muhitni shakllanishida ayollarning o‘rni beqiyos.
Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning ilm olishi, kasb-hunarli bo‘lishiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ayollarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni har taraflama qo‘llab-quvvatlash yurtimizda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Ushbu jarayon o‘z navbatida barcha sohada bo‘lgani kabi O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ham tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning malaka va ko‘nikmalarini oshirib borishga alohida ehtimom bilan yondashishni talab etadi.
Shunga muvofiq O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, “Mahalla” jamoat fondi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi tomonidan otinoyilarning diniy ekstremizm va missionerlikka qarshi kurash ko‘nikmalarini kuchaytirishga qaratilgan hududiy o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilingan bo‘lib, qarorga asosan viloyatlar bo‘ylab hududiy seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
25 aprel kuni qaror ilovalariga asosan mazkur seminarning Samarqand viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mashg‘ulot Samarqand shahar “Yoshlar markazi”ning anjumanlar zalida o‘tkazildi. Tadbirda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 300ga yaqin otinoyilar ishtirok etdilar.
Ma’ruzalarni viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi M.Abubakirova, Viloyat hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.N.Gafurova, “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassisi M.Hamidova olib bordi.
Seminar davomida ayollarning diniy va milliy qadriyatlar, marosimlar, urf-odatlar haqidagi bilimlarini yanada oshirishga doir qator tavsiya va ko‘rsatmalar berib o‘tildi.
Diniy ekstremistik oqimlar, hamda tuban “ommaviy madaniyat”ning voyaga yetmaganlar va yoshlar ongiga salbiy ta’sirining oldini olish, 12 yillik ta’limning majburiyligi mazmun mohiyati bo‘yicha qator ahamiyatli ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘z joniga qasd va suiqasd qilish, missionerlikning ko‘rinishlari, fuqarolarning doimiy yashash manzillaridan uzoq muddatga chiqib ketishi kabi salbiy illatlarning oldini olish, yoshlarni turli buzg‘unchi va yot g‘oyalar, mafkuraviy xurujlardan asrash, ularda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, Mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, jamiyatda va oilada ayolning o‘rni va mas’uliyati, qaynona-kelin munosabatlari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi, munozaralar olib borildi. Joylardagi faoliyat davomida yuqoridagi salbiy holatlarni oldini olish bo‘yicha otinoyilar zimmasiga tushadigan vazifa va mas’uliyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Shuni ta’kidlash lozimki, jamiyat orasida turli bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish, salbiy illatlarning urchishini oldini olish ishlarida ma’rifatli otinoyilarning hissasi beqiyos hisoblanadi. Shuning uchun otinoyilar bilan doimiy ishlash, ularning bilim va saviyasini oshirib borish bugungi davr taqozo etgan muhim vazifalardan biridir.
N.Temirova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilining xotin-qizlar
masalalari bo‘yicha maslahatchisi
Kiritilgan vaqti: 25/04/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3217
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:50