Ma'naviyat darsida Imom Buxoriy hadislaridan saboq berildi
Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi 72-umumiy o‘rta ta'lim maktabida 9-sinf o‘quvchilari uchun “Ma'naviyat asoslari” darsining navbatdagi mavzusi buyuk ajdodimiz Imom Buxoriy rohmatullohi alayhning “Al Adab al Mufrad” (“Odoblar xazinasi”) asaridagi ota-onaga yaxshilik qilish bobini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Buning uchun “Muhojirlar” masjidi imom-xatibi Toshmuhammad Abilov taklif etildi. Domla o‘quvchilarga kitobning 3-4-boblarida keltirilgan hadisi shariflarni aytib, sharhlab berdi. Ulardan biri quyidagi hadisdir:
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi:
«Bir mo‘min-musulmon insonning musulmon ota-onasi bo‘lsa, ularga yaxshilik qilib, uning savobini kutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, Alloh unga jannatning ikki eshigini ochadi. Agar faqat biri bo‘lsa, bittasini ochadi. Agar farzand ota-onadan birining g‘azabini chiqargan bo‘lsa, o‘sha shaxs rozi bo‘lmagunicha, undan Alloh rozi bo‘lmaydi».
«Ota-ona unga zulm qilgan bo‘lsa hammi?» deyishdi.
(Ibn Abbos) «Zulm qilgan bo‘lsalar ham», dedi».
Imom domla mazkur hadisi sharifni aytib sharhlar ekan, ota-onaga yaxshilik qilish, muloyimlik bilan xizmatlarida bo‘lish ana shunday ulug‘ jannat mukofotiga sazovor bo‘lishini, aksincha ularni dilini og‘ritib, norizo qilish esa ikki dunyoda ham faqat tashvish, nadomat keltirishini o‘quvchilarga so‘zlab berdi. O‘quvchilar hadisi sharifdan o‘zlariga zarur ibrat va hikmat olganliklarini, yana shunday darslar ko‘proq tashkil etilishini taklif bildirdilar.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 18/09/2019 16:35; Ko‘rilganligi: 1341
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 16:30