Bolaning begonasi bo‘lmaydi
Mamlakatimizda har bir bola hech kimdan kam bo‘lmay ta'lim-tarbiya olishi uchun keng sharoitlar yaratilgan. Har qanday millatning ravnaqi, umumbashariyat tarixida tutgan o‘rni, mavqei va shuhrati bevosita farzandlarining aqliy va jismoniy yetukligiga bog‘liq. Hech kim ona qornidan yomon xulqli, jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi. Qachon bola e'tiborsiz tashlab qo‘yilsa, yomonlik ichida o‘ssa, badbaxtlikka yuz tutadi va halok bo‘ladi. Bunda gunoh yuki shu ko‘yga solganlarning, ota-onaning va jamiyatning zimmasiga yuklanadi.
Samarqand shahrida joylashgan 64-sonli alohida sharoitlarda ta'minlash, tarbiyalash va ta'lim berishga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internatiga “Obi Rahmat” jome masjidi imom xatibi Akmal hoji Mamatov va bir guruh nuroniy otaxonlar tashrif buyurdilar. Ular maktab internatda tarbiyalanayotgan o‘quvchilar bilan uchrashib, suhbatlashdilar. “Bizning maqsadimiz bitta, u ham bo‘lsa mana shu bolajonlarni baxtli bo‘lib, kamolatga yetishishlaridir. Jamiyatning shakllanishi, ravnaq topishiga xizmat qila oladigan shaxs, haqiqiy komil inson hisoblanadi. Alloh taolodan mana shu bolajonlar kelajakda o‘z o‘rinlarini topib, jamiyatga, vataniga, ota-onasiga xizmat qiladigan insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini duo qilib so‘raymiz. Muborak Ramazon oyi, hayit va “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” bayramlari bilan qutlaymiz”, - deya qalb so‘zlarini izhor qildi A.Mamatov.
Shundan so‘ng maktab tarbiyalanuvchilarining 110 nafariga ramazon tuhfasi tortiq qilindi. Ularga masjid jamoasi, “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali va saxovatpesha homiylar tomonidan 110 dona kiyim-kechak va poyafzallar to‘plami, sochiq, yaxna ichimlaklar jami 8.920.000 so‘mlik xayriya qilindi.
Bolaning qalbi pok, nozik, sodda va har qanday naqsh va suratdan xoli gavhardir. Unga qanday naqsh solinsa, shunga ko‘ra shakllanadi, eggan tomonga egiladi. Agar ularga yaxshilik o‘rgatilsa va ular yaxshilik ichida voyaga yetsa, bu ularning dunyo va oxirat saodatini topishida muhim omil bo‘ladi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 25/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1773
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 16:42