O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ziyorat sayyohligi boshlab yuborildi

 
 

2017 yil 3 dekabr kuni Samarqand shahrida yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Doktor Nasriddin Umar boshchiligidagi Indoneziya davlati delegatsiyasi bilan viloyat mas’ullari o‘rtasida ziyorat turizmini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokarada Samarqand viloyati hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Voseev Munis Gavharovich hamda viloyat bosh imom xatibi Eshonqulov Zayniddin Sadriddinovich qatnashdi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, Doktor Nasriddin Umar Indoneziyadagi 900 ming masjidni nazorat qiluvchi “Istiqlol” masjidi imom xatibi va o‘z navbatida mazkur masjid imom xatibi Prezidentning din ishlari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.

Muzokora davomida Nasriddin Umarga Indoniziya turzm vazirining turmush o‘rtog‘i hamrohlik qildi.

Nasriddin Umarning ma’lum qilishicha, har yili Indoneziyadan 2 milliondan ortiq kishi Umra ziyoratiga boradi. Ilgari Iroq va Suriya orqali amalga oshirilgan safar, ushbu davlatlardagi notinchliklar sabab hozirda Turkiya orqali amalga oshmoqda.

Mehmonning ta’kidlashicha, yurtimizdagi mavjud shart-sharoitlarni hisobga olganda Umraga Samarqand orqali borish ko‘p tomonlama ma’qul tanlovdir. Allomalar, buyuk tarixiy shaxslar yashab o‘tgan zaminga kelib, ziyoratlarni amalga oshirgach, Saudiya Arabistoniga uchishni xohlovchilar Indoneziyada ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ahamiyatli masalalar muhokama etilar ekan Nasriddin Umar so‘zida quyidagicha davom etadi:

“Men o‘ylaymanki, O‘zbekistonga kelish biz uchun foydali va ushbu zaminda biz xohlaydigan narsalar ko‘p. Hukumatingizdan Jagartadan O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib berishlarini so‘rayman. Shunday qilinadigan bo‘lsa biz tomondan keladigan turistlar oqimi sezilarli darajada ko‘payadi.

Biz O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishidan manfaatdormiz. Chunki ikkala davlatning musulmon aholisining deyarli barchasi sunniylardir. Bizda 2000 dan ortiq Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ta’lim yo‘nalishlari bor. Islom bilim yurtlarida ash’ariy, moturidiy yo‘nalishlari bo‘yicha bilim beriladi. Yurtimizda Moturidiy aqidaviy mazhabiga e’tiqod qiluvchilar 40 milliondan oshadi.”

Yurtimiz musulmonlari hozirda shu diyordan yetishib chiqqan olimlar to‘plagan hadislarni o‘rganyapdi. Bundan tashqari naqshbandiy ta’limotiga ergashadiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularni juda hurmat qilamiz.

Biz yurtingizda Indoneziyadan keluvchilar uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo bo‘lishini xohlar edik.

Bugungi kunda Indoneziya xalqi 250 milliondan oshdi va ularning 90 foizini musulmonlar tashkil etadi. Agar 2 million nafar umraga boruvchilarning 50 foizini O‘zbekiston orqali olib o‘tishga erishilsa, turizmni rivojlanishi uchun juda katta o‘zgarish bo‘lardi. Xalqimiz ulug‘ zotlar hoki qo‘nim topgan zamin havosidan bahramand bo‘lib, ulug‘ safarga otlanish baxtiga muyassar bo‘lar edilar.

Yaxshi bilamizki, O‘zbekistonda tinchlik-osoyishtalik hukmron. Tartib-intizom, qonun-qoidalar yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, terrorizm xavfi past darajada. Ushbu omillar sabab yurtingizga bo‘lgan qiziqishimiz tobora ortib bormoqda”.

O‘z navbatida viloyat mas’ullari ham Indoneziya bilan hamkorlikni rivojlantirish ko‘p tomonlama manfaatli bo‘lishi, Nasriddin Umarning fikr va mulohazalari, takliflari inobatga olinishi va shart sharoitlar takomillashtirilishini ma’lum qildilar.

Muzokara yakunida O‘zbekiston tomon tez orada Indoneziyaga tashrif rejalashtirilayotgani va borilganda O‘zbekiston, xususan Samarqandni ommaviy axborot vositalari, ayniqsa televideniya orqali indoneziyaliklarga tanishtirishda amaliy yordam ko‘rsatilishini so‘radi va delegatsiya vakillari bunga ijobiy munosabat bildirdilar.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 03/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2340
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ziyorat-sayyohligi-boshlab-yuborildi
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:54
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing