Yurt sarhadlari tomon safar
Joriy 2017 yilning 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatining chegara hududlari hisoblangan Urgut va Bulung‘ur tumanlarida aholi bilan ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Shahrux Abdurasulov, Toshkent islom universiteti doktoranti Haydarxon Yuldashxodjayev, Toshkent islom universiteti islomshunoslik markazi xodimi Donyor Murodov qatnashdilar.
Urgut tumanida bo‘lib o‘tgan tadbirlar tumanning Urgut pedagogika va sport kolleji, Urgut agrosanoat kasb hunar kolleji, Urgut maishiy xizmat kolleji, Urgut agrotadbirkorlik kolleji, Urgut agrotadbirkorlik va servis kolleji, Urgut tadbirkorlik kolleji, Jartepa maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji hamda Urgut agro iqtitisodiyot kollejida olib borildi.
Bulung‘ur tumanida esa, Bulung‘ur pedagogika kolleji, Bulung‘ur sanoat kolleji, Bulung‘ur sanoat va servis kolleji, Bulung‘ur maishiy xizmat ko‘rsatish kollejida o‘tkazildi.
Ma’ruzachilar guruhlarga bo‘lingan holda maxsus jadval asosida tadbirlarda ishtirok etdilar. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da olib borilayotgan ishlarning uzviy davomi sifatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ma’ruzachilar dunyoda kechayotgan giosiyosiy jarayonlar, diniy ekstremizm va xalqaro terrorizmning mudhish oqibatlari, vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish va shukronalik hissi bilan yashash, yon-atrofda yuz berayotgan voqea-hodisalarga teran nazar, vatan, millat, el-yurt taqdiriga daxldorlik, ogohlik, hushyorlik tuyg‘ularini shakllantirishning ahamiyati borasida fikr-mulohazalar bildirib o‘tdilar. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng marhum Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yurtimizda amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlar va ularning bugun Prezidentimiz tomonidan yanada yuksaltirilayotgani xususida so‘z yuritdilar.
Shuningdek, tadbirlar davomida yoshlarning odob-axloqli, vataniga muhabbatli, yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalana biladigan insonlar qilib tarbiyalash borasida nutqlar so‘zlandi hamda bu boradagi taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ta’kidlash lozimki, 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab mutasaddi tashkilotlar rahbar va xodimlarining aholi bilan bevosita muloqotga kirishishi, ularning dardini tinglab, muamolarini hal etishga ko‘maklashishi xalq orasida bugunidan rozilik, ertangi kunga ishonch hislarini mustahkamlamoqda.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 18/03/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 2524
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:19