O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yosh oila quruvchilar maktabi samara bermoqda

 
 

Joriy yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakilligi hamda viloyat Adliya boshqarmasi hamkorligida joylardagi FHDYO bo‘limlari qoshida “Yosh oila quruvchilar maktabi” hamda “Oila Dorulfununi” maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi.

Jamiyatimizda qurilayotgan oilalarning mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olish, baxtiyor oilalar sonini oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu o‘quv kurslari har haftaning seshanba kuni viloyat bo‘ylab FHDYO bo‘limlarida turmush qurish uchun ariza bilan murojaat qilgan yoshlar ishtirokida bo‘lib o‘tadi.

Uchrashuvda hayot tajribasiga ega, chuqur bilimli imom xatiblar yosh oila quruvchilarga oila mas’uliyati, er-xotinning huquqlari, burch va vazifalari, poklik, umr hoyu-havasdan iborat emasligi kabi muhim masalalar bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar.

Yoshlarni oilaga tayyorlash, to‘ydan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tushunmovchiliklar, ko‘ngilxiraliklarning oldini olish, jamiyat orasidagi turli xil millatimizga yot bo‘lgan urf-odatlarning urchishiga barham berish, yoshlarning ota-onalari oldida ko‘plab talablarni qo‘yishidan nasihat yo‘li bilan qaytarish, to‘ylarimizni risoladagidek kamxarj va serfayz qilib o‘tkazishda ushbu tadbirlar muhim o‘rin tutmoqda hamda o‘zining dastlabki odimlaridanoq samara ko‘rsatmoqda.

Bulung‘ur tuman bosh imom xatibi T.Ravshanov tomonidan yosh juftliklarga qilingan nasihatlar natijasi o‘laroq bir uylanayotgan yigit o‘rtoqlarining to‘y korteji uchun yiqqan pullarini ixtiyoriy ravishda iqtisodiy jihatdan biroz qiyin holda turgan otasiga ko‘mak tariqasida keltirib bergani va bundan ota shodlanib imomga tashakkur aytganini “Yosh oila quruvchilar maktabi” hamda “Oila Dorulfununi” maxsus o‘quv kurslarining amaldagi dastlabki manfaatlaridan biri deb e’tirof etish mumkin.

Sanoqli ishtirokchilar bilan boshlangan uchrashuvlar hozirda har bitta FHDYO bo‘limida 30-40 ta juftliklar ishtirokida o‘tkazilyapti. Hattoki, turmush qurganlarning o‘z qiziqishi taqozosi bilan ishtirok etish holatlari ham kuzatilyapti.

Bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlarning yanada samarali va sermanfaat bo‘lishi uchun viloyat vakilligi tomonidan maxsus tezis ishlab chiqilib, joylarga yetkazilgan. Ma’ruzachi imom xatiblar mazkur tezis va boshqa manbalar asosida o‘z ustlarida ishlab, ta’sirli va jonli ravishda yoshlarga kerakli tushunchalarni berib kelmoqdalar.

Xayrli niyatlar bilan boshlangan ushbu tadbir bardavom bo‘lib, baxtiyor oilalarning barpo etilishida mustahkam xizmat qilib borishiga umid qilib qolamiz.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 31/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2708
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/yosh-oila-quruvchilar-maktabi-samara-bermoqda
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 15:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing