O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Yog‘ayotgan yomg‘ir-qor istisqo namozi fazilatidan

 
 

Nimaga ehtiyoji bo‘lsa Alloh taolodan so‘ragan bandalar naqadar baxtiyor insonlardir. Ammo Rabbimizga hojatmandlikning ham o‘ziga xos jihatlari bor. Masalan, yurtdan suv tortilib ketsa, istisqo namozi o‘qib yomg‘ir-qor so‘raladi.

Istisqo namozi insoniyatning o‘zi qadar qadimiy deyilsa, xato bo‘lmas. Chunki manbalarda Sulaymon alayhissalomning istisqo namozi o‘qishni niyat qilib, ummatini dalaga ergashtirib borayotib, yo‘lda chalqancha yotgancha Allohdan yomg‘ir va baraka so‘rayotgan chumolini uchratganlari, Muso alayhissalom bani Isroil bilan sahroda adashib qolganlarida Allohdan suv so‘rab iltijo qilganlari va boshqa shu kabi hodisalar keltirilgan.
Imom Abu Dovud rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho bunday deganlar: “Odamlar Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga qahatchilikdan shikoyat qilishdi. U zot namozgohga (Madina tashqarisidagi hayit namozi o‘qiladigan yalanglikka) minbar o‘rnatishga buyurdilar, minbar o‘rnatildi. Odamlarni u yerga chiqishlari uchun bir kunni belgiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam quyosh endigina chiqa boshlagan payt chiqib bordilar. Minbarga o‘tirdilar, so‘ng Alloh taologa takbir va hamdu sano aytdilar, so‘ngra: «Sizlar menga yomg‘ir o‘z vaqtida yog‘maganligidan va qurg‘oqchilikdan shikoyat qildingizlar. Darhaqiqat, Alloh taolo sizlarni o‘ziga duo qilishga buyurgan va qilgan duolaringizni ijobat qilishni va’da bergan» dedilar. So‘ngra: «Hamdu sano butun olamlar hojasi, mehribon va rahmli, jazo (qiyomat) kunining egasi – podshohi bo‘lmish yolg‘iz Alloh uchundir. Allohdan boshqa ibodatga haqli zot yo‘qdir. Alloh xohlagan narsasini qiladi. Ey Alloh, o‘zingdan boshqa ibodatga haqli iloh yo‘q va Sen boshqalardan behojatsan, biz esa hojatmand, muhtoj bandalaringmiz. Bizlarga yomg‘ir yog‘dir va yog‘dirganing yomg‘irni bizlarga ma’lum muddatgacha quvvat va darmon qilgin», dedilar. So‘ngra qo‘llarini baland ko‘tarib duo qilib turdilar, hatto qo‘ltiqlarining oqi ko‘rindi. Keyin odamlarga orqalarini qilib qibla tarafga tomon burildilar, ustlaridagi ridolarini o‘girdilar yoki chappasiga qilib kiyib, qo‘llarini ko‘tarib duo qildilar. So‘ngra odamlarga yuzlandilar va minbardan tushib ikki rak’at namoz o‘qidilar. Alloh taolo bir bulutni paydo qildi, momaqaldiroq gumburlab, chaqmoq chaqib, Allohning izni bilan yomg‘ir yog‘di. Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam masjidlariga yetib ulgurmaslaridan hamma yoq sel bo‘lib oqdi. Odamlarning panalarga shoshayotganlarini ko‘rib, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kuldilar, hatto tishlari ko‘rindi, keyin: «Alloh taolo hamma narsaga qodir va Men Allohning bandasi va elchisiman deb guvohlik beraman», dedilar.

Musulmonlar ana shu hadisi sharifdan o‘zini xoru haqir, nochoru notavon tutgan holda yalanglikka chiqib,istisqo namozini o‘qishlari va namoz ortidan Alloh taologa astoydil duo qilib yog‘ingarchilik so‘rashlari durust ekanini o‘rganib olganlar.

Mavlid oyida ushbu hadisi sharifga amal qilgan muftiy hazratlari shu hafta avvalida Qoraqalpog‘iston safari davomida Mo‘ynoq tumanining eng olis hududiga borib, yomg‘ir-qor va serobchilik bo‘lishini so‘rab, mo‘ysafid otaxonlar bilan istisqo namozini ado etgan edilar.
Parvardigorimizning marhamatini qarangki, istisqo namozi o‘qilgandan bir necha kun o‘tar-o‘tmas butun diyorimiz bo‘ylab, yomg‘ir-qor yog‘di.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning sunnatlariga amal qilishning qanchalik fazilatli, manfaatli ekanining isbotiga duolar qabul bo‘ladigan mavlid oyida yana bir o‘z ko‘zimiz bilan guvoh bo‘ldik.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam ulamolar o‘zlarining merosxo‘rlari ekanini aytganlar. Shunday ekan, Alloh taolodan elu yurtimizga tinchlik, xotirjamlik va qut-baraka so‘rab beradigan olimu ulamolarimizni har qancha e’zozlasak kam.

Parvardigorimiz ana shu yog‘ayotgan yomg‘ir-qorlarni barcha mo‘min-musulmonlar, jamiki yurtimiz ahliga; dalalarimizga, chorvamizga bag‘oyat manfaatli qilsin; muftiy hazratlarining ilmlarini yanada boyitib, fazilatlarini bundan-da ziyoda etsin!


Damin JUMAQUL

muslim.uz sahifasidan olindi


Kiritilgan vaqti: 24/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3530
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/yogayotgan-yomgir-qor-istisqo-namozi-fazilatidan
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 12:56
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing