YANGI O‘ZBEKISTON — INSON QADRI USTUVOR BO‘LGAN MAMLAKAT
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va ovul qolmadi. Bugungi kunda davlatimiz inson uchun, xalq uchun baralla ochildi. Yangi O‘zbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning farovon hayot kechirishini ta'minlashga qaratilganini bugun o‘z hayotimizda his etyapmiz.
2021 yil 6 noyabr kuni yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari qatorida kamina ham ishtirok etdim.
Ushbu tantanali marosim va unda O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichini o‘z ichiga olgan dastur taqdim etilishini millionlab mo‘min-musulmonlarimiz katta qiziqish bilan kuzatdi. Ahamiyatlisi, ana shu teran mulohaza ila uzoqni ko‘zlab qilingan chiqishning har bir jihati juda ham keng masalalarni o‘z ichiga qamrab olgan edi.
Davlatimiz rahbari kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlar haqida nutq so‘zlar ekan, Yangi O‘zbekiston strategiyasining uzviy va davomiyligini ta'minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi.
Ta'kidlash joizki, keyingi yillarda xalq bilan bevosita muloqot qilish, uning dardu tashvishini, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Hayotimizda “Davlat — insonlar uchun” degan xalqchil g‘oya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda. Insonning haq-huquqlari, qadr-qimmati, qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish tamoyili islohotlar mohiyatini tashkil etadi. Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natija, inson manfaati, uning qadr-qimmati bosh maqsadga aylangan.
Darhaqiqat, Islom dini inson qadrini nihoyatda yuqori darajaga ko‘taradi. Qadimdan turli jamiyatlarda inson qadri turli narsalar bilan bog‘liq holda talqin qilingan. Har bir jamiyat mafkurasidan, dunyoqarashidan, inson zotiga munosabatidan kelib chiqib, uni turlicha taqdirlagan.
Qaysidir jamiyatda kuchli inson eng yaxshi va eng qadrli hisoblangan bo‘lsa, boshqa bir jamiyatda hukmdor, amaldorlar qadr topgan. Islomda esa kuch, mansab, ko‘rk va molu dunyo hayotning mohiyati emas, balki hayotning bir vasilasi, xolos.
Biz yashayotgan yangi O‘zbekistonda ham, avvalo, inson kim bo‘lishidan qat'i nazar, uning haq-huquqlariga katta e'tibor qilinmoqda.
Dinimizda insonning qadr-qimmati qalbi pokligi, maqsadi ezguligi, undagi imon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o‘lchanadi. Inson qadrini o‘lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solingandagina odamlar haqiqiy qadrini topadi. Zotan, Islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson qadrini ulug‘lashdir. Dunyodagi barcha narsalar insonga beminnat xizmat qilish uchun yaratilgandir.
Qur'oni karimning bir necha oyatida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida ta'kidlangan. Masalan, Isro surasining 70-oyatida: “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulovla) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”, deyiladi.
Tafsir kitoblarida inson qaysi ne'matlar tufayli mukarram ekani to‘g‘risida ko‘p misollar keltirilgan. Ba'zi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan ne'matlarni ikkiga taqsim qilgan: Birinchisi — jismoniy ne'matlar. Bunga misol: sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilar. Bu ne'matlar barcha bandalarga barobar berilishi mumkin. Ikkinchisi — ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar. Bunga misol: imon, islom, rushdu hidoyat, axloq, tavfiq kabi ijobiy sifatlardir. Bu ne'matlar faqat Alloh taolo inoyat qilgan bandalargagina nasib etadi.
Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson manfaati uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni muhayyo qildi hamda uni ikki dunyo saodatiga yetkazadigan qonun-qoidalarni joriy qilib qo‘ydi. Bu ham Alloh inson zotini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo‘qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkor. Shubhasiz, bu dunyoda ham, oxiratda ham bu afzallik va ne'matlarning mas'uliyati va javobgarligi bor.
Yuqoridagi oyati karimadan ayon bo‘ladiki, inson Alloh taolo yaratgan barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram xilqatdir. Alloh taolo odamni O‘z qudrati bilan yaratib, uni mukarram qildi. O‘z ruhidan jon puflab, ulug‘ladi. Bunday sharafga hech bir maxluqot muyassar bo‘lgan emas. Shu bois ham inson azizu mukarramdir. Alloh taolo yana odam bolasini O‘zi bergan aql bilan aziz qildi. Aql bilan inson boshqa hamma maxluqotlardan ustundir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadisi shariflarida: “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, degan ekanlar. Mana bu hadisning sharhida shunday deyiladiki, ya'ni “Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yo‘q. Hayvonotda esa nafsu shahvat boru, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish, shahvoniy hirsni qoniqtirishga va buning uchun har qanday gunohu ma'siyat ishlaridan qaytmaslikka boshlaydi.
Binobarin, agar insonning aqli nafsu shahvatidan g‘olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi. Ammo bordi-yu, nafsu shahvati aqlidan g‘olib kelib, ularning amriga muvofiq harakat qilsa, demak, u hayvonlardan ham past martabada qolgan bo‘ladi.
Maloikalar inson Alloh tomonidan yaratilgani uchun unga hurmat bajo keltirib, ta'zim sajdasini ado qildi. Mana shu narsa insonni oliy maqomga ko‘tardi. Rabboniy jon ato etish insonni inson qildi. U endi Allohning yer yuzidagi o‘rinbosari, degan muborak nomga musharraf bo‘ldi.
Inson degani shunday mukarram zot ekan, uning siri Ilohiy ruh bilan yaratilgani va Inson qimmati ham shunga bog‘liq ekani ma'lum bo‘ldi. Alloh taolo insonga osmonlar va yer yuzidagi barcha narsalarni bo‘ysundirib qo‘ydi. Unga botiniy va zohiriy ne'matlarning hammasini berdi.
Demak, Haq taolo insonni azizu mukarram qilib yaratgan ekan, uni kamsitish, unga ziyon yetkazish, ozor berishdan saqlanish, aksincha, unga ko‘mak berish, mushkulini oson qilish, manfaat yetkazish lozim. Zero, Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadisi shariflarida bunday marhamat qiladilar: “Kimiki, bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kimiki hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur”.
Yangi O‘zbekistonda ham barcha islohotlar mana shunday inson dardu tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan. Inchunin, bugun inson qadri-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar yangi pog‘onaga ko‘tarilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari boshchiligida millati, tili va dinidan qat'i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning farovonligini ta'minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasi ilgari surilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, insondagi azizlik va mukarramlik sharafi kishiga faxru iftixor bag‘ishlashi barobarida, xalq manfaati, din rivoji va mamlakat obodligi yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishga undaydi.
Kiritilgan vaqti: 10/11/2021 10:44; Ko‘rilganligi: 1560
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 16:55