XOTIRA VA QADRLASH KUNI NISHONLANDI
Umumxalq bayrami 9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan Samarqandda ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti qatnashchilari, mehnat faxriylari, diniy sohada uzoq yillar xizmat qilganlar hamda vakillik xodimlari, imom-xatiblar ishtirokida tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Bevosita O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ziyofat tadbiri Samarqand shahrining eng diqqatga sazovor maskani Go‘ri Amir maqbarasi hamda “Ruhobod” maqbarasi va masjidi o‘rtasidagi maysazorda, go‘zal tabiat qo‘ynida bo‘lib o‘tdi.
Dastlab, viloyat bosh imom xatibi Nuriddinxon domla Islamov yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklar ekan, xotira kunining ahamiyati, bugungidek dorulomon damlar orzusida o‘tgan bobolar, tinchlikning shukronasi borasida so‘zlab, yurtimiz bo‘ylab bayram kunlari tinch-osoyishta o‘tishini tiladi.
Shundan so‘ng, ziyofatning asosiy qismi boshlandi. Mehmonlar to‘kin dasturxon atrofida o‘tmish kunlarni xotirlab, bugungi tinchlik damlarning fayzli go‘shalarida o‘zaro maroqli suhbatga berildilar. Hofizlarning dilbar taronasi ham bayram ko‘rkiga ko‘rk qo‘shardi.
Esda qolarli tadbir so‘ngida duoga qo‘l ochilib, kundan-kunga gullab-yashnayotgan ona vatanimiz ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilishi, xalqimiz iqboli baland, o‘tganlar ruhi shod bo‘lishini tilab duoi xayrlar qilindi.
Ketish oldidan esa memhonlarga vakillikning esdalik sovg‘alari ulashildi.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 05/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 4133
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 02:57