XAYR-EHSON QILGAN KIMSANING HAQQIGA FARISHTALAR DUO QILADI
Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi. Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olib, ozgina bo‘lsada ularga moddiy yordam ko‘rsatib, mehr ulashilsa, ularning ko‘ngli tog‘dek ko‘tariladi. Xayr-ehson qilishning esa fazilati ulug‘, savobi ko‘p va bu dunyoda baraka keltiradi. U haqida Qur’oni karim oyatlari hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarida ko‘plab ta’riflar keltirilgan. Hadisi sharifda shunday deyiladi:
“Har tong bandalar uyg‘onganda ikki farishta tushadi. Ulardan biri: “Allohim, infoq (nafaqa-ehson) qiluvchilarga o‘rnini qoplaydigan narsa ato et”, deydi. Ikkinchisi: “Allohim, xasis, ziqnalarga talofot ber”, – deydi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Samarqand viloyati Oqdaryo tumani bosh imom xatibi Habibulloxon Oblaqulov tumanda faoliyat olib borayotgan imom-xatiblar, masjid xodimlari hamda “Vaqf” xayriya jamoat fondi va ehsonparvar, saxiy kishilar hamkorligida tumandagi ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Muborak Ramazon oyida bir qancha xayriya ishlarini amalga oshirdi. Ular tomonidan 186 ta xonadonga 25 000 000 so‘m qiymatidan ziyod bo‘lgan pul, oziq-ovqat, ro‘zg‘or uchun zarur bo‘ladigan anjomlar ehson qilindi. Ushbu tadbir doirasida Yangiobod MFYda yashovchi SamDU 4-bosqich talabasi Mardiyev Murodning o‘qish uchun shartnoma pulini 1 400 000 so‘mini to‘lab berilishi talabaning bexavotir tahsil olishi, ota-onasining og‘irini yengil bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Rabbimizdan berilgan barcha narsalar bizlarga omonat bo‘lganidek, molu davlatimiz ham omonatdir. Alloh bergan bu ne’matni O‘zi buyurgan va rozi bo‘ladigan joylarga sarflab, xayru ehson va sadaqa qilishda peshqadam, shuningdek barcha ezgu ishlarda imkon qadar ko‘makchi va homiy bo‘lishga harakat qilaylik.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 29/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 1631
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 21:52