O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Xalqaro anjumanning yakuniy bayonoti qabul qilindi

 
 

Bugun, 15 mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasida diniy-ma'rifiy sohadagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash maqsadida Samarqand shahrida “Imom Buxoriy merosining o‘ziga xosxususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati” mavzusida xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda qardosh xalqlar diniy soha rahbarlari, yetuk ulamolar, mutaxassis va mutasaddi vakillar qatnashdi.

Nufuzli tadbirda Imom Buxoriy merosining mazmun-mohiyatini batafsil ochib berish, uning o‘ziga xos xususiyatlari, afzallik va tarbiyaviy ahamiyatini keng yoyish hamda xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish, millatararo totuvlik, yaxshi qo‘ni-qo‘shnichilik fazilatlarini tarannum etish kabi masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, bugungi kunning dolzarb masalalariga qarshi mushtarak munosabat bildirish, ekstremizm va terrorizm g‘oyalarining tinchlik va barqarorlikka tahdidi kabi jihatlar ko‘rib chiqildi, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma'rifiy sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar keng targ‘ib qilindi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tadbir ishtirokchilari tomonidan quyidagi tavsiyalar bildirildi:

– Imom Buxoriyning boy ilmiy merosini hamkorlikda o‘rganish va tadqiq etish;

– Alloma asarlarining izohli nashrlarini chop etish, u kishining ma'naviy merosi tarbiyaviy ahamiyatiga bag‘ishlangan risolalar yaratish;

– Bugungi kun uchun muhim bo‘lgan masalalar: din va e'tiqod erkinligi, milliy qadriyatlar, islom dinining tinchlikparvar va insonparvar mohiyatini keng tushuntirish;

– Xalqlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilish va buzg‘unchi qarashlardan saqlashga qaratilgan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish;

– Zamonaviy tahdid va xurujlar masalalarida mushtarak pozitsiyani bildirish, ekstremizm va terrorizm kabi illatlarning salbiy oqibatlari, tinchlik va barqarorlikka tahdidi bo‘yicha yondashuvlarni uyg‘unlashtirish;

– O‘zbekistonning diniy-ma'rifiy sohani rivojlantirish, mutaassiblik va ekstremizmga qarshi kurashdagi ijobiy tajribasini ommalashtirish.

Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olib, tadbir ishtirokchilari kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, diniy-ma'rifiy mavzularga bag‘ishlangan anjumanlarni hamkorlikda o‘tkazish, Islom dinining “Jaholatga qarshi ma'rifat” g‘oyalarini keng targ‘ib etishga kelishib oldilar.

Samimiy va ilmiy-ma'rifiy suhbatga boy bo‘lgan Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘z ishini yakunladi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilarining yurtimiz va nufuzli tadbir haqidagi fikrlarini sayt va ijtimoiy tarmoqlarimizda kuzatib boring!

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 15/03/2021 16:40;   Ko‘rilganligi: 910
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/xalqaro-anjumanning-yakuniy-bayonoti-qabul-qilindi
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 02:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing