O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“Vaqf” xayriya jamoat fondi qurbonlik marosimi o‘tkazdi

 
 

Samarqand viloyatining 271 ta jome masjidida erta tong bilan yig‘ilgan jamoat  “Qurbon hayiti” namozini ado etdilar. Namozdan so‘ng Alloh taologa duo qilib, ibodatlarni qabul qilishi, gunohlarni mag‘firat etishini, xalqimizga ushbu qutlug‘ ayyomni fayzu barakotli bo‘lishini, yurtimizdagi tinchlik, osoyishtalik ne'matini bardavom aylab, xalqimiz faravonligini yanada ziyoda etishini so‘rab duolar qildilar.

Islom olamidagi muborak ayyomlardan biri bo‘lgan Qurbon hayiti – mehr-muruvvat, saxovat bayrami bo‘lib, muqaddas dinimiz an'analariga ko‘ra, moddiy imkoniyati bo‘lgan kishilar tomonidan ushbu hayitda qurbonliklar qilinadi va birinchi navbatda ehtiyojmand, yordamga muhtoj kishilarga tarqatiladi. Keksalar, bemorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslardan hol so‘rab, ularga moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatiladi. “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali ham bugun Samarqand tumanidagi “Xo‘ja Ahror Valiy” jome masjidida qurbonlik tadbirini o‘tkazdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilining o‘rinbosari X.Sattarov, Samarqand shahar bosh imom xatibi N.Islomov, “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali rahbari o‘rinbosari A.Sultonov, “Xo‘ja Ahror Valiy” jome masjidi imom xatibi B.Sharipov hamda bir qator mehmonlar ishtirok etdi.   

 Ushbu marosimda bir bosh qora mol qurbonlik qilinib, uning go‘shti tumanlarda istiqomat qiluvchi 30 nafar muhtoj oilalarga, Imom Buxoriy hadis maktabi, Viloyat nogironlar jamiyati a'zolari, “Mard O‘g‘lon” Davlat mukofoti sovrindorining nikoh to‘yi va boshqalarga jami 205 kilogarm miqdorida go‘sht xayriya sifatida tarqatildi. Bundan tashqari “Vaqf” xayriya jamoat fondiga qarashli ziyoratgoh va masjidlar tomonidan ham qurbonliklar tashkil qilinib,  yordamga muhtoj nogironlar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, kam ta'minlangan oilalarga berilmoqda.

“Shu o‘rinda “Vaqf” xayriya jamoat fondi ushbu qurbonlikni tashkil etish va go‘shtlarini tarqatishda fondga ko‘makdosh bo‘lgan barcha ko‘ngilli insonlar va fond xodimlariga tashakkur aytadi!”, dedi “Vaqf” xayriya jamoat fondining viloyat filiali rahbari o‘rinbosari A.Sultonov.

 

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 11/08/2019 17:43;   Ko‘rilganligi: 1183
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/vaqf-xayriya-jamoat-fondi-qurbonlik-marosimi-otkazdi
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 09:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing