O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

"Vaqf" fondi rahbari Xoja Ahror Valiy ziyoratgohida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi

 
 

Bugungi kunda Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan "Vaqf" xayriya jamoat fondiga o‘tkazilgan yurtimizdagi yuzlab ziyoratgoh va qadamjolar obod qilinmoqda. Ushbu maskanlarni rivojlantirish, ularning faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish maqsadida har birining faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqish yo‘lga qo‘yildi.

Shunday tashriflardan biri joriy yilning 2-3 mart kunlari "Vaqf" xayriya jamoat fondi boshqaruv raisi I.Xalilov tomonidan Samarqand viloyatida joylashgan muqaddas qadamjo - Xoja Ahror Valiy ziyoratgohiga amalga oshirildi.

Fond rahbari ziyoratgoh boshqaruvi, xodimlar faoliyati, olib borilayotgan amaliy ishlar, binolarning holatini ko‘zdan kechirib, amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.

Bir oy muqaddam ushbu ziyoratgohga amalga oshirilgan tashrif doirasida qadamjo masjidining tahoratxonasini qayta ta’mirlash, bu yerda barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosi yuzasidan masjid tahoratxonasi qayta ta’mirlanib, ayol va erkak ziyoratchilar uchun sharoitlar yaratildi.

Bundan tashqari, majmuada faoliyat olib borayotgan kutubxonalar ham "Vaqf" xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat filiali tashabbusi bilan kitoblar bilan boyitildi.

Ma’lumot uchun, Xoja Ahror Valiy dahmasi Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Ulug‘bek qishlog‘ida joylashgan me’moriy yodgorlikdir. XV asrga mansub bu dahma Xoja Ahror Valiy qabri yaqinida joylashgan. Majmua turli davrlarda bunyod etilgan madrasa, masjid, minora hamda hovuzdan iborat.

Manba: "Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 06/03/2019 00:00;   Ko‘rilganligi: 1387
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/vaqf-fondi-rahbari-xoja-ahror-valiy-ziyoratgohida-amalga-oshirilgan-ishlar-bilan-tanishdi
Chop etilgan vaqti: 13/10/2024 05:18
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing