O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ustoz Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlarini xotirlab

 
 

Vaqt hamma narsani davolaydi, deydilar. Bir odam olamdan o‘tar ekan, ortida qolgan yaqinlarining qalbidagi ayriliq dardi ham yillar o‘tib, yengillashadi. Ba'zilar  esa bir necha yillardan so‘ng butunlay unut bo‘lib ketadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning vafotidan keyingi sog‘inch vaqt o‘tishi bilan nafaqat unutilmaydi, balki kun sayin kuchayib, borgan sari chuqurlashib boradi. 

Ana shunday ulug‘ zotlardan biri – o‘zbek xalqining atoqli farzandi, mashhur ulamo, atoqli jamoat arbobi, yoshlarning mehribon ustozi, kamtarin va samimiy inson nafaqat O‘zbekiston musulmonlari idorasida, balki Ona-Vatanimiz barcha-barcha kattayu-kichik, erkagu-ayolga, ilmligu-ilmi hali yetarli bo‘lmaganlarga birdek kamtarona, ulamolar, imom-domlalar, mudarrislaru-ustozlar va talabalarga birdek g‘amxo‘r bo‘lgan marhum muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Alimov hazratlaridir.

Bugun hazratning olamdan o‘tganlariga bir yil bo‘ldi. Bir qator ustozlar va imom domlalar hamda hazratimizning farzandalari bilan u zot tug‘ilib-o‘sgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi Orlot qishlog‘ida bo‘ldik. Bu ulug‘ zotning tabarruk xonadonga qalbda shirin orziqish va sog‘inch bilan kirib bordik.

Dunyoga ulug‘ bir allomani yetkazgan, o‘z xalqining iftixoriga aylangan bu ulug‘ insonga beshik bo‘lgan ushbu fayzli xonadondagi har bir narsa ulkan xotira kitobining bir sahifasi kabi, munosib ota-onaning tarbiyasini olgan munosib farzandlarning yetuklik yo‘liga guvoh bo‘lgani shubhasiz.

Ko‘plab ulug‘ insonlarga bag‘rini ochgan bu dargohda o‘tirib, o‘tganlarni yodga oldik. Suhbatimiz o‘z-o‘zidan xonadon sohibi, muftiy hazratlarining padari buzrukvorlari Temirxon domlaning xotirasiga burildi. Umrini din xizmatiga bag‘ishlagan bu ulug‘ zotning sa'y-harakatlari, ixlosi, g‘ayrat-shijoati, ko‘zda yosh bilan, azmu qaror bilan qilgan duolari tufayli Alloh taolo bu xonadonni Baytul Islom, Baytul Iymon, Baytul Hikmatga aylantirdi. Bir insonning yetuk olim, ahli ilmlar peshvosi bo‘lib yetishishi uchun avvalo ota-otaning tinimsiz mehnati, taqvosi, ixlosi zarur bo‘lsa, qolaversa, ustozlarning e'tibori, mashaqqati ham talab qilinadi. Alloh taolo ustozimiz hazratga bu ne'matlarni to‘la-to‘kis ato etgan edi.

Suhbatdan so‘ng, ustozimiz mangu qo‘nim topgan qabristonni ham ziyorat qildik. Qolaversa, Imom-xatiblarimiz tomonidan o‘qib nihoyasiga yetkazilgan 1435 ta xatmi kabirning savobini muftiy hazratlari va yurtimizga buyuk allomani tarbiyalab bergan u zotning ota-onalarining ruhlariga bag‘ishlab, duolar qildik. Alloh taolodan ularga va'da qilingan ajru mukofotlarni ko‘paytirib berishini so‘radik.

Hazratning qabrlarini ziyorat qilar ekanmiz u kishining “Yaratganning muhabbatiga ma'rifat va Haq taolo rozi bo‘ladigan ezgu ishlar bilan erishiladi”, degan purma'no so‘zlarini yodga olib, ushbu haqiqat o‘zlarining hayotida namoyon bo‘lganini bir-birimizga ta'kidladik.

Din, ma'rifat, ilm, xayrli ishlarda ustoz o‘zlarining ibratli umrlari bilan barchamizga namuna bo‘lgan edilar. Sizu biz ham bu zotdan ibrat olib, ilm egallab, unga xolis amal qilsak, inshaalloh, yurtimizda ahli ilmlar, xodimi shariatlar ko‘paysa, ajdodlarimiz erishgan yuksak martabalarga xalqimiz yana erishadi, inshaalloh.

Alloh taolo barcha o‘tgan ulug‘ ustozlarimizni, mehribon ota-onalarimizni rahmatiga olib, oxiratlarini obod aylasin!

Zayniddin domla Eshonqulov

Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/08/2022 14:43;   Ko‘rilganligi: 328
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ustoz-usmonxon-temirxon-ogli-alimov-hazratlarini-xotirlab
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 18:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing