Umra safari oldidan guruh rahbarlari bilan mashg‘ulot o‘tkazildi
Diniy-ma'rifiy jabhada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mo‘min-musulmonlar Haj va Umra ibodatlarini ado etib kelmoqda.
Hozirga vaqtda Samarqand viloyatidan 10 ta guruh Umra safariga yo‘l olmoqda. Umra safari davomida ziyoratchilarimizga xizmat ko‘rsatish, ularning ibodatlari mukammal bo‘lishi uchun saralab olingan bilimli, tajribali guruh rahbarlari ziyoratchilarga yaqindan yordam berib kelmoqda. Albatta, guruh rahbarligi mas'uliyatli vazifa hisoblanadi. Shu bois ular bilan Samarqand viloyat vakilligida viloyat bosh imom-xatibi, o‘rinbosarlari hamda shu soha mas'ullari ishtirokida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish odat tusiga kirgan. Ana shunday mashg‘ulotlarning navbatdagisi bugun, 20 sentyabr kuni vakillik binosida bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas'ul xodimi I.Elmurodov va viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarovlar olib bordi. Ziyoratchilarga rahbarlik qiluvchi guruh rahbarlariga ularning vazifalari va boshqa zaruriy tavsiyalar berildi. Jumladan, ularning burch va mas'uliyatlari, umra ibodati ruknlari, safarga jo‘nab ketish hamda Saudiya Arabistonidagi tashkiliy ishlarning ularga taalluqli jihatlari atroflicha yoritildi.
Shuningdek, safarga doir hujjatlar bilan ishlash tizimi, guruhdagi ziyoratchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish tartibi, pasport va boshqa hujjatlarini yuritish tartib-qoidalari borasida ham ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish so‘ngida, guruh rahbarlari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha, batafsil javob berildi.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 20/09/2022 14:16; Ko‘rilganligi: 1195
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 16:07





















