Ulamolar Kengashi bayonoti qabul qilindi
Bugun, 1 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Ulamolar Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh imom-xatiblari, diniy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-markazlar rahbarlari, ulamolar va imom-domlalar ishtirok etdilar. Hududlardan Ulamolar Kengashi a'zolari ZOOM platformasi orqali onlayn tarzda qatnashdilar.
Majlis Qur'oni karim tilovati va ezgu duolar ila boshlandi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari ochib, 2022 yil 2 fevral kuni Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda qayd etilgan o‘ta muhim masalalar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining bayonoti ishlab chiqilganini ma'lum qildilar.
Shundan so‘ng yig‘ilish ishtirokchilari e'tiboriga Ulamolar Kengashi bayonotini Muftiy hazratlari o‘qib eshittirdilar.
Yig‘ilishda ushbu bayonot yuzasida fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov shunday dedi:
– Bugun atrof-muhitni asrash, iqlim o‘zgarishlari global masalalardan biri. Yurtimiz ham bunday dolzarb muammolardan chetda emas. Orol dengizining qurib borayotgani, chang-to‘zonlar tez-tez sodir bo‘lishi, yog‘ingarchilik kamayib ketishi kabi muammolarga duch kelyapmiz. Buning oldini olish maqsadida, yashil hududlarni ko‘paytirish ishida faol bo‘lish, atrof-muhitni ifloslantirishdan saqlanish lozim. Zero, dinimiz ham doim poklikka, atrof-muhitni asrab-avaylashga targ‘ib etadi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov:
– Tabiat musaffoligini asrash, uni kelajak avlodga bekamu ko‘st yetkazish hayotiy vazifa. Ayniqsa, yosh avlodda ona tabiatga hurmat, uning bebaho ne'matlarini ardoqlash tuyg‘usini oshirish orqali ekologik madaniyatni, tozalikka rioya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga erishamiz. Bu esa inson salomatligi va uzoq umr ko‘rishida asosiy omil. Shu bois, bayonotda qayt etilganidek, mahallalarda, masjidlarda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda olib borish, bugungi kundagi asosiy vazifa ekani yaqqon namoyon bo‘lmoqda, dedi.
Toshkent shahridagi “Siroj Solih” masjidi imom-xatibi Hasan domla Qodirov:
– Obodlik ko‘ngildan boshlanadi, deydi dono xalqimiz. Bu naql mazmunidan inson ma'naviyati, tarbiyasi uning yon-atrofga, tabiatga munosabatida ham aks etishini anglaymiz. Biroq ishga, o‘qishga yo‘l olar ekanmiz, ba'zan oyoq ostida bo‘sh plastik idish, pista qoldiqlari, muzqaymoq qog‘ozlari va shu kabi narsalarga ko‘zimiz tushadi. Bu narsalarni nafaqat ayrim yoshlar, balki katta yoshdagilar ham beparvo tashlab ketaverganini anglab, afsuslanamiz. Islom dinimiz bandalarni doimo poklikka, ozodalikka buyurgan. Shu nuqtai nazardan, bayonotda keltirilgan muhim masalalar xalqimizda atrof-muhitga bo‘lgan munosabatini yaxshi tomonga o‘zgartishga hissa qo‘shadi, insha Alloh.
Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un domla G‘ofurov:
– Bahor kelishi bilan atrof-muhit, hovli va yashash joylar, o‘quv dargohlari hamda mahallalarni saranjom-sarishta qilish bo‘yicha ommaviy hasharlarni uyushtirish millatimizga xos fazilatlardandir. Biz ham institutimizda bunday ishlarni har yili amalga oshirib kelamiz. Joriy yil Yurtboshimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotga tatbiq etilayotgani bu boradagi sa'y-harakatlarimizni yanada jonlantirishiga ishonaman. Ulamolar Kengashining bayonoti ham barcha ta'lim dargohlarida ko‘kalamzorlashtirish ishlarining yanada jadallashishiga katta turtki beradi, albatta.
Muhokamalarda muftiy Nuriddin domla hazratlari ushbu bayonotda keltirilgan dolzarb masalalarga teran ko‘z bilan qarash, muammolarni bartarf etishga jonbozlik ko‘rsatish, ushbu mavzulardagi oyati karima va hadisi shariflarning mazmun-mohiyatini afkori ommaga chuqur yetkazish, umummilliy loyihani amalga oshirishda vijdonan yondashish, ixlos ila sa'y-harakat qilishga barchani da'vat etish, ayniqsa, din peshvolari bu borada haqiqiy namuna bo‘lishlari zarurligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilish so‘nggida Ulamolar Kengashi bayonoti qabul qilindi, uning to‘liq matni matbuotda e'lon qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 01/03/2022 22:57; Ko‘rilganligi: 898
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 23:46