O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

To‘y-hashamlarni tartibga solish bo‘yicha qat'iy qaror qabul qilindi

 
 

To‘ylar va boshqa marosimlarda me'yoridan ortiq dabdaba, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yish kabi holatlar davom etayotgani og‘riqli muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

 Shu sababli to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga ehtiyoj tug‘ildi.

 Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma majlisida tashkil etilib, unda aynan shu masala muhokama markazida bo‘ldi.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning qayd etishicha, o‘rganishlar tahlili, shuningdek aholi bilan bevosita o‘tkazilgan muloqotlar, jamoatchilik vakillaridan kelib tushgan murojaatlar ushbu sohada bir qator jiddiy muammo va kamchiliklar hamon saqlanib qolayotganini ko‘rsatdi. Xususan, ayrim fuqarolar dabdabali to‘y marosimlari va ularni o‘tkazishga sarflanadigan katta xarajatlar oqibatida qarzga botmoqda va undan qutulish maqsadida chet elga ishlash uchun chiqib ketmoqda.

Bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida “To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom ishlab chiqildi.

 Nizomga ko‘ra, oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishda ijtimoiy adolat va qonuniylik, milliy urf-odat va qadriyatlarga sodiqlik, boshqa din va millat vakillarining urf-odatlarini hurmat qilish hamda jamoatchilik fikrini inobatga olish tamoyillariga rioya etiladi.

 Ushbu hujjat bilan bunday tadbirlarni o‘tkazish tartibiga umumiy talablar qo‘yildi. 

 Unga ko‘ra, oilaviy tadbirlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.

 Soat 23:00 dan keyin oilaviy tadbirlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.

 

Qo‘shaloq to‘y-hashamlarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

 

Dafn etish va motam marosimlari ko‘pi bilan uch kun mobaynida cheklanmagan miqdordagi fuqarolar ishtirokida o‘tkazilishi mumkin, osh berish marosimi bundan mustasno.

 

Oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda quyidagi talablarga rioya etish shart:

 to‘y-hashamlarni o‘tkazuvchi shaxslar tadbirlarni o‘tkazishdan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini xabardor qilishi;

 nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kelin-kuyovning to‘yxonaga kelishi va ketishi bilan bog‘liq oilaviy tadbirlarda 3 tadan ko‘p bo‘lgan yengil avtomashinadan yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa transport vositalaridan foydalanmaslik;

 

oilaviy tadbirlarda (dafn etish marosimidan tashqari) pulli avtotransport xizmati litsenziyaga ega bo‘lmagan tashuvchilar tomonidan ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik, to‘y egalarining shaxsiy avtomashinalaridan hamda homiylar yordamida jalb etilgan avtotransport vositalaridan foydalanilgan hollar bundan mustasno;

 

shuhratparastlik, dabdababozlik va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik;

 

mahallalardagi ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligiga putur yetkazmaslik, jamiyatda shakllangan odob-axloq qoidalariga qat'iy amal qilish.

 Oilaviy tadbirlarda diniy mavzuda ma'ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ushbu ma'ruza din idorasining vakolatli vakili tomonidan o‘qiladi.

 Milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Dafn etish va motam marosimlari bilan bog‘liq ortiqcha tadbirlarni (“etti”, “payshanbalik”, “yakshanbalik”, “yigirma”, “qirq”, “hayit”, “yil oshi”, “pul tarqatish”, “mato ulashish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 Oliy Majlis palatalari kengashlari a'zolari, deputatlar, senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddi rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etan tadbirda ushbu masala bo‘yicha Senat va Qonunchilik palatasi kengashlarining qo‘shma qarori qabul qilindi.

 

Manba: O‘zA


Kiritilgan vaqti: 14/09/2019 17:00;   Ko‘rilganligi: 1087
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/toy-hashamlarni-tartibga-solish-boyicha-qatiy-qaror-qabul-qilindi
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 01:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing