O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Toshkent islom instituti arab tili bo‘yicha xalqaro sertifikatlarni taqdim etadi

 
 

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda barcha sohalarda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganib joriy etish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutida ustoz va talabalar o‘rtasida arab tili ilmiy muhitini jonlantirish, talabalarning darsga bo‘lgan qiziqishi hamda rag‘batini kuchaytirish, institutning salohiyatini oshirish maqsadida Iordaniya Hoshimiylar Qirolligining “At-Tanal al-arabiy” – التّنال العربيّ “Arab tilini bilish xalqaro sertifikati”ni beruvchi ta'lim va test tashkiloti bilan institut o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

Mazkur tashkilot dunyoning 20 dan ortiq davlatida tan olingan bo‘lib, arab tilidagi bilimlarini baholash, darajalarga ajratish hamda ularga xalqaro toifadagi sertifikatlar taqdim etuvchi tashkilot hisoblanadi.

“At-Tanal al-arabiy” التّنال العربيّ – “Arab tilini bilish xalqaro sertifikati” test tizimi arab tili ona tili bo‘lgan mamlakatda ishlash, o‘qish, sayohat qilishga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Test davomida arab tilida tinglash, gapirish, o‘qish, yozish, gapirish va grammatikani bilish qobiliyati baholanadi. Arab tilini bilish bir necha standartlar bo‘yicha, jumladan, arab tilini ona tilida so‘zlashuvchilarga o‘rgatish standartlari va tillar uchun umumiy Yevropa ma'lumotnomasi (CEFR) standartlari bilan tasniflangan.

Endilikda Toshkent islom institutida arab tili bo‘yicha xalqaro darajadagi til bilish sertifikatlarini taqdim etadi.

2024 yil 13 mart, chorshanba kuni Toshkent islom institutida “At-Tanal al-arabiy” xalqaro til sertifikati uchun ilk imtihonlar bo‘lib o‘tadi.
B1, B2, C1, C2 xalqaro arab tili sertifikatini olish uchun imtihonda qatnashmoqchi bo‘lganlar talabgorlar pasport bilan institutga kelib ro‘yxatdan o‘tishlari kerak.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 04/03/2024 14:53;   Ko‘rilganligi: 781
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/toshkent-islom-instituti-arab-tili-boyicha-xalqaro-sertifikatlarni-taqdim-etadi
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 20:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing