O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

TASHAKKURNOMA

 
 

Joriy yilning 3-4 mart kunlari Samarqandda “Imom Abu Mansur Moturidiy va Moturidiya ta'limoti: o‘tmish va bugun” mavzuidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

U Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Fanlar akademiyasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan Misrdagi Al-Azhar majmuasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Ushbu xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga Misrning Al-Azhar majmuasi rahbari, ushbu davlat bosh imomi Shayx Ahmad Tayyib boshchiligidagi delegatsiya, shuningdek, Bosniya va Gersegovina, Germaniya, Iordaniya, Indoneziya, Malayziya, Pokiston, Rossiya, Turkiya, Ukraina, Shveysariya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kabi mamlakatlardan 70 ga yaqin ulamo, islomshunos olim, nufuzli ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari tashrif buyurdi. Shuningdek, Respublikamizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari, din arboblari, mutaxassis va imom-xatiblar Samarqand shahriga 2 mart kuni yetib keldilar.

         Mana shunday nufuzli tadbirni o‘tkazishda faol xizmatlarini ko‘rsatgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyat vakilligi xodimlari va o‘z hissalarini qo‘shgan barcha vakillarga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat bosh imom-xatibiligi nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Mezbon sifatida mehmonlarni kutib olish, ularga xizmat ko‘rsatish kabi tashkiliy masalalarda o‘zlarining mehnat va vaqtlarini ayamagan, Samarqand viloyat vakilligi tizimidagi barcha diniy soha xodimlarining ahilligi va o‘zaro birdamligini namoyon etgan Samarqand viloyati imom-xatiblariga ham alohida tashakkurlarimizni bildiramiz. Inshaalloh, mehmondo‘stlik, samimiylik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan Samarqandlik din xizmatchilari xalqimizning ilm-ma'rifat, diniy savodxonligini oshirish, o‘larni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etishda ham o‘zlarini har tomonlama namoyon etib borishlariga ishonch bildirib qolamiz. Muqaddas dinimiz, musulmonlar, ilm-ma'rifat yo‘lida olib borayotgan xizmatlaringizning ajrini Alloh taolo ziyoda qilib ato aylasin. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barakotuh.

Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat vakili


Kiritilgan vaqti: 05/03/2020 15:49;   Ko‘rilganligi: 1167
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/tashakkurnoma
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 07:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing