O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SOXTA SALAFIYLAR KIM?

 
 

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) davridan 13 asr o‘tgach paydo bo‘lgan soxta salafiylar oqimi tarafdorlari, Islomning dastlabki uch asridan keyin yashagan musulmonlar Islomni noto‘g‘ri tushungan, degan fikrni ilgari surishadi. Vaholanki, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: «Odamlarning yaxshilari men bilan yashaganlar, so‘ng ulardan keyingilar, so‘ng ulardan keyingilar» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Mazkur davr sahobalar, tobe'inlar va tabaa tobe'inlar davridir. Ana shu davr salaflarning davridir. Bu haqiqatni o‘zlarini  “salafiylar”, deb atayotgan soxta oqim a'zolari ham yaxshi biladi.
Agar teranroq o‘rganib chiqilsa, bugungi “Soxta salafiylar” Islomning dastlabki uch asrida chiqarilgan hukmlardan boshqasi bid'at deyishadi-yu,  biroq ularning o‘zlari buning teskarisini qilishadi. Holbuki, ular Ibn Taymiyya, Ibn Qayyum kabi rahnamolarining so‘zlaridan boshqasini tan olmaydi va to‘rt nafar mujtahid imom: Imomi A'zam, Imom Shofi'iy, Imom Molik va Imom Ahmad Hanbaliy (rahmatullohi alayhim)ga ergashganlarni esa qoralaydi.  Aslida ular ergashayotgan “mujtahid”lar solih salaflar qatoriga kirmaydi. Chunki Ibn Taymiyya va Ibn Qayyum Abu Hanifa (rahmatullohi alayh)dan deyarli olti yuz yil keyin yashab o‘tishgan. Demak, «salafiy” oqimining ikki imomini solih salaflardan olti asrlik tafovut ajratib turibdi. Oradan shuncha uzoq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, “Soxta salafiylar” bu ikki shaxsning ta'limotini juda katta e'tibor bilan o‘rganib, amal qilishadi.
Yana ular go‘yo “pok” shariatga qaytishga va keyingi davrda paydo bo‘lgan “bid'atlardan” voz kechishga hamda barcha hukmlarni faqatgina Qur'on va Sunnatdan olishga chaqiradi. Bu shunday ham hammaga ma'lum. Lekin masala boshqa tarafda – u ikki manbadan hukm qanday ravishda va qaysi usullar bilan chiqarishdadir. Haqiqatan, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur'on va Sunnatga ergashishni buyurganlar. Qur'on va Sunnat - hadislar orqali anglanadi. Ulardagi  shar'iy hukmlarni esa mujtahidlar tushuntirib beradilar. “Soxta salafiylar” esa, Sunnatni bizga tushuntirib bergan bu olimlarni adashgan deb e'lon qilib, Sunnatga ergashish imkoniyatini yo‘qqa chiqarishmoqda. “Soxta salafiylar”ning iddaosiga ko‘ra, ahli sunna val jamoadagi aqidaviy yo‘nalish asoschilari Ash'ariylar va Moturudiylar – Ahli sunnadan chiqib adashganlardir. Holbuki, hadis to‘plamlarini sharh qilgan deyarli barcha olimlar, e'tiqodda Moturudiy yoki Ash'ariy bo‘lganlar.
“Faqatina Qur'on va Sunnatga ergashish kerak” degan salafiylarning chaqirig‘i nazariyotdagina yaxshidir, amaliy hayotda esa, musulmonlarning kundalik muammolariga taalluqli minglab savollarga duch kelinadi. Oxir oqibat, har bir odam uchun, “haqiqiy mujtahid olimga ergashish kerakmi yoki navbatdagi bir firqaning “etakchisining” ijtihodigami?” degan savol ko‘ndalang bo‘laveradi. “Soxta salafiylar” haqida islomshunos olim Aydarbek Tulepovning “Islom va aqidaparast oqimlar” kitobida bunday deyiladi: “Soxta salafiylar - ...arab va musulmon mamlakatlarida keng tarqalgan bo‘lib, O‘rta Osiyoga ham kirib kelmoqda. Bu oqim tarafdorlari islom dinining har bir zamon va har bir makonga moslasha olishini tan olmaydilar. O‘n to‘rt asrdan beri Islomning yetuk allomalari, faqihu mujtahidlari qabul qilgan fatvolarga amal qilishga qarshi chiqadilar.

Abduvohid O‘rozov


Kiritilgan vaqti: 14/12/2020 15:02;   Ko‘rilganligi: 997
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/soxta-salafiylar-kim
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 13:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing