“Sobit tur, ey Uhud! Sening ustingda Nabiy, Siddiq va ikki shahid turibdi”
Uhud tog‘i Madinaning shimoliy tarafida joylashgan muborak bir tog‘dir. Tog‘ning uzunligi 7 kilometr, kengligi 2-3 kilometr, balandligi esa 350 metrga yaqin. Tog‘ Madinai Munavvaradan taxminan 4-5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uhud tog‘ida bir necha g‘or va daralar mavjud bo‘lib, ba'zi g‘orlarning balandligi bir yarim metrni, uzunligi esa o‘n metrni tashkil etadi.
Ushbu tog‘ va uning atrofida ko‘plab tarixiy voqealar bo‘lib o‘tgan. Ana shulardan biri Uhud g‘azotidir. Bu g‘azot Badr g‘azotidan keyin, hijriy 3-yilda, musulmonlar bilan Quraysh qabilasi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Ushbu jangda ming nafar musulmonlar uch ming sonli Quraysh qo‘shiniga qarshi kurashdilar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘sha kuni kamonchilarga tepalikdan tushmaslikni, o‘sha yerda sobit turishni tayinladilar. Bu tepalik hozir Uhud tog‘i yonida joylashgan bo‘lib, “Jabalur rumot” (Kamonchilar tog‘i, tepaligi) deb ataladi. O‘sha yerda turgan kamonchilar jang tugadi, o‘ljalardan qolib ketmaylik degan o‘y bilan pastga tushadilar. Tepalikda kam sonli kishilar qolishadi. Bundan foydalangan Quraysh ittifoqchilari tepalikning orqa tarafidan o‘tib, musulmonlarga hamla qiladi. Oldinda Quraysh qo‘shini, ortda esa ularning ittifoqchilari musulmonlarni qurshab oladilar.
Ha, ushbu mag‘lubiyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamning amrlariga xilof qilgan kamonchilar sababidan bo‘lgan edi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yuqorida zikr qilingan Uhud tog‘idagi daralardan birida dushmandan himoyalanib, yashiringan ekanlar. Ko‘plab sahobalar mag‘lubiyatdan sarosimaga tushib, qochib ketadilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning atroflarida sanoqli sahobalar u zotni pana qilib, o‘z tanalari bilan ul zotni himoya qilib turishgan. Shu yerda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuga “Ot, ey Sa'd, ot, ota-onam senga fido bo‘lsin!” degan ekanlar.
Bu g‘azotda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak boshlari yorildi, tishlari sindi, yuzlariga sovutning halqasi sanchilib, oy yuzlaridan qon oqib tushdi. Shuningdek, Uhud g‘azotida yetmishta sahobalar shahid bo‘lishdi. Ularning sayyidi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sevikli amakilari Hamza roziyallohu anhu edilar.
Jangdan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalarga shahidlarni dafn qilishni amr etdilar. Ular o‘sha maydonga dafn etildilar. Oradan 14 asr o‘tib, shu kunimizgacha ushbu maqbara Uhud tog‘i etagida mavjuddir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Uhud (tog‘i)ga ko‘tarildilar. U zot bilan birga Abu Bakr, Umar va Usmon bor edi. Tog‘ ularni titratdi. Shunda u zot oyoqlari bilan bir urib, “Sobit tur, ey Uhud! Sening ustingda Nabiy, Siddiq va ikki shahid turibdi” dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
Alloh taolo toqqa sezish, yaxshi ko‘rish xususiyatini ato qilgan. Uhud tog‘i o‘zining ustiga chiqqan zotlarning kimlar ekanini yaxshi bilardi. Shuning uchun sevinchdan, haybatdan titrab ketdi.
Haj va Umraga borgan hojilarimiz barcha muborak makonlar qatorida Uhud tog‘ini va yetmishta shahid sahobalarni o‘z bag‘riga olgan “Shahidlar maqbarasi”ni ham ziyorat qilib, Qur'on o‘qib, duoi fotiha qiladilar. Oldin xabar berganimzdek, 30 noyabr kuni Umra safariga Samarqand viloyatidan navbatdagi guruh yo‘l olgan edi. Ular sog‘-salomat Madinai munavvaraga yetib bordilar va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ravzalarida bo‘lib, u zotga salom va salovatlar aytmoqdalar. Masjidun nabaviyda besh vaqt namozlarini ado etib, Uhud tog‘i, Baqi' qabristoni kabi tabarruk zaminlarni ziyorat qilmoqdalar. Alloh taolo barchalarining ziyoratlarini ijobat aylasin!
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 02/12/2019 15:47; Ko‘rilganligi: 2606
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 03:03