Siyratni nima uchun o‘rganamiz?
Biz o‘zimizni musulmon deb bilganimiz uchun, Alloh taoloni yagona iloh ekanligi va Muhammad sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning rasuli ekanligiga iymon keltiramiz.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizlardan biringiz toki men unga farzandidan, otasidan va barcha insonlardan sevimliroq bo‘lmagunimcha hargiz mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar» Muslim rivoyati.
Ushbu hadisdan ma'lum bo‘layaptiki, mo‘min bo‘lishlikning sharti – Payg‘ambarimiz alayhissalom bizlar uchun hammadan ko‘ra sevimliroq bo‘lishlari kerak ekan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni bunchalik darajada sevishimiz uchun nima qilmoq kerak, qanday qilib bu narsaga erishamiz ?
Bu savolni javobi aniq – siyratni o‘rganishimiz kerak! Siyrat bizlarga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni tanitadi.
Alloh taolo O‘zining kalomida shunday deydi “Batahqiq, sizlar uchun – Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor” (Ahzob surasi, 21.)
Darhaqiqat, haqiqiy mo‘min-musulmon uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning butun hayotlari oliy na'muna va o‘rnakdir.
Biz haqiqiy musulmoncha yashashni hohlasak hayotimizning har bir jabhasida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam siyratlaridan o‘rnak olishga muhtojmiz.
Shu o‘rinda aytishimiz joizki, bugun 4 noyabr kuni O‘MI Samarqand viloyat vakilligi binosida Rabbiul-avval oyiga bag‘ishlangan “Mavlidi sharif” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatimizdagi barcha tuman va shahar bosh imom-xatiblari, vakilligimiz xodimlari hamda taqsimot qilingan bitiruvchi imomlar qatnashdilar.
Mavlid tadbiri Qur'oni karim tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi. Imom-xatiblarimiz tomonidan Payg‘ambarimiz alayhis-salom tug‘ilishlari, hayotlari, go‘zal hulqlari va siyratlari, u zotning saodat va najotga to‘la ta'limotlari haqida ma'ruza qildi. Imom-xatiblarimiz tomonidan qilingan ma'ruzalarda Rasulullohni tanigan, u zot hadislariga amal qilgan odam yomonlik, buzg‘unchilik yo‘llariga aslo kirmasligi, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ruhida ulg‘ayishi, shuningdek, Vataniga sodiq va komil inson bo‘lishi ta'kidlandi.
Mavludga tashrif buyurgan mehmonlarimiz ushbu kabi tadbirlar tashkil etilayotgani eng avvalo yurtimizda tinchlik hukm surayotgani, xalqimiz esa ma'rifatparvar ekani, kitob o‘qishga katta qiziqish bilan yondashayotganidan darak beradi deb fikr bildirdilar.
Barcha mehmonlarimiz ko‘tarinki kayfiyatda Yurtboshimiz boshchiligida olib borilayotgan xayrli ishlarga Yaratgandan muvaffaqiyatlar va ulkan zafarlar tilab duolar qildilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmti
Kiritilgan vaqti: 04/11/2020 13:04; Ko‘rilganligi: 1118
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:02