Shavkat Mirziyoev Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi
Prezidentning ko‘rsatmasiga muvofiq Imom Buxoriy majmuasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish ko‘zda tutilgan. Simmetrik tarzda ikkita masjid va to‘rtta minora qurish, yo‘ldan kirib kelishda xiyobon, uning atrofida kichik mehmonxonalar va bitta yirik otel, boshqa infratuzilma obyektlarini bunyod etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bugun majmuani ziyorat qilib, uni rekonstruksiya qilishga oid takliflar bilan tanishdi.
- Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib bo‘lishi kerak. Masjidlar keng va mahobatli bo‘lishi lozim. Devorlarga sahih hadislardan lavhlar yozib qo‘yilsa, majmuaning mazmuni yanada boyiydi, yoshlarga bilim, ma'naviy ozuqa beradi. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsayam, qulay sharoit bo‘lishi zarur, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoev majmua rekonstruksiyasini shoshmasdan, chuqur o‘ylab loyihalashtirish, xorij tajribasini o‘rganib, ziyoratchilarga yanada ko‘p qulaylik yaratish zarurligini ta'kidladi.
Majmuadagi ishlar mamlakatimizda ilm-ma'rifatni rivojlantirish, dinga e'tiqod qiluvchilarga erkinlik va sharoit yaratish borasida navbatdagi xayrli qadam bo‘ladi.
Manba: Muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 27/08/2019 17:34; Ko‘rilganligi: 1250
Chop etilgan vaqti: 07/12/2024 22:07