O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAXOVAT – JANNAT KALITI

 
 

Dunyoda hech bir xalq yoki millat hayot sinovlaridan, taqdirning kutilmagan zarbalaridan chetda qolmaydi. Jahon miqyosida sertalafot kechayotgan joriy yilda xalqimiz boshiga ham og‘ir sinovlar keldi.

Ayniqsa, global muammoga aylangan koronavirus pandemiyasi, Sardoba va Buxoroda ro‘y bergan ofatlar, ular oqibatida kelib chiqqan iqtisodiy, ijtimoiy qiyinchiliklar matonatli xalqimizni yana bir bor imtihondan o‘tkazdi, irodasini tobladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan bu ofatlarning oqibatlarini bartaraf etish va ta'sirini yumshatishga qaratilgan tashabbuslarning o‘z vaqtida ilgari surilgani esa tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Zotan, sinovli damlar davlat va xalqni oliy maqsadlar yo‘lida yanada jipslashtirish barobarida bir umumiy g‘oya atrofida ham birlashtirdi. Davlatimizning mustahkam himoyasida ekanimizni his etdik.

O‘zbekiston har qanday sharoitda ham davlat va xalq hamjihatligining yorqin namunasini dunyoga yana bir bor ko‘rsatdi. Mamlakatimizdagi birdamlik va, eng asosiysi, oqilona siyosat yuritilayotgani jamiyatning murakkab jarayonlardan kam talafot bilan o‘tib olishiga, xalqimiz turmush darajasi barqarorligi saqlanishiga zamin yaratmoqda. 

Pandemiya sharoitida qiynalib qolgan, mehrga, yordamga muhtoj insonlarga saxovat ko‘rsatish tadbirlari Samarqand viloyatida ham amalga oshirildi. Jumladan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan kam ta'minlangan oilalarga 12 turdagi zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib, ularga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani barchaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tarmoqda. 

Aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlashni bosh g‘oya sifatida qabul qilgan jamiyat ravnaq topadi. “Ko‘pning duosi – ko‘l”, deydi dono xalqimiz. Yordam olgan, mehr ko‘rgan insonning duosi esa yurakdan chiqadi. Bunday duolar Yaratganning huzurida qabul bo‘lishiga ko‘plab manbalar guvohlik beradi. 

Qilinayotgan bu ezgu ishlar azaliy qadriyatlarimiz, xalqimizga xos fazilatlarni namoyon qiladi. Shunday bo‘lmoqda ham. Viloyatimizdagi diniy soha vakillari kam ta'minlangan oilalarning xonadonlariga tashrif buyurib, hadyalar ulashdi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida dasturxon yozilib, sovg‘alar ulashilgani esa quvonch ustiga quvonch bag‘ishladi. 

Samarqand viloyatining tabarruk, fazilatli joylarida ulamolar, tajribali imomlar yetakchiligida Qur'oni karim xatmlari qilinmoqda. Alloh taolo “Biz Qur'onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz”, deb marhamat qilgan.

Biz Allohning rahmatidan ham, shifosidan ham umidvormiz. Uning “so‘rasang, beraman”, mazmunidagi va'dasiga muvofiq, yurtimizga tinchlik, bunyodkorlik, xalqparvarlik ishlariga barakot, ishboshilarimizga ikki dunyo saodati, bozorlarimizga to‘kin-sochinligu arzonlik so‘rab, duoyu iltijolar qilmoqdamiz. 

Albatta, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz ham duoyi xayrlarni ko‘paytirib, yurtimizga tinchlik, barqarorlik, xalqimiz boshidan bu balolarni ko‘tarishini so‘rab, iltijolar qilishi ayni savobli ishdir. Mehr va shafqat, saxovatning manbai ham, oqibati ham ezgulik. Shu bois, muqaddas dinimizda saxovatga da'vat qilinadi. 

Alloh taolo uchun saxovatli bandalar mahbub va qadrlidir. U Oli Imron surasining 134-oyatida og‘ir damlarda ham ezgulik qiladiganlarni sevishini marhamat qiladi hamda jannatga erishishning yo‘li o‘zi yaxshi ko‘rgan narsani boshqalarga ehson qilish ekanini alohida ta'kidlaydi. 

Ilohiy da'vat bo‘lgan saxovat dunyoda ham baraka keltiradi, oxiratda ham ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz alayhissalom bejiz saxiylikni tomirlari jannatda, shoxlari dunyoga tushgan daraxtga qiyoslamadilar. 

Shunday ekan, azizlar, saxovat daraxti shoxlariga chiqib, ezgulikni shior qilaylik. Bu borada ibrat, namuna bo‘lib turganlarga ergashaylik. Shukrni targ‘ib qilaylik. Shunda Yaratgan ne'matlarini yanada ziyoda qiladi. Zero, Alloh taolo Qur'oni karimda: “Yana Rabbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman…”, deb va'da bergan. 

Insonparvarlik tadbirlari zamirida diyorimizdagi islohotlarning bosh mezoni bo‘lgan xalqni rozi qilish tamoyili mujassam. Xorazmlik alloma Mahmud Zamaxshariyning “Atvoquz zahab” asarida bunday misralar bor: 

Muruvvat – go‘zal xulqqa xos alomat. 

Axloqiy poklikka erur dalolat. 

Alloh rizoligin qozonay desang, 

Kam bo‘lmassan, shu xislatni qil odat.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining rushdu hidoyatida sobitqadam qilsin! O‘zining shukr qiluvchi bandalaridan bo‘lishimizni nasib aylasin! Tinchligimiz bardavom, taraqqiyotimiz barqaror, xalqimiz farovon bo‘lsin!

Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2020 yil 30 dekabr, 255-son

Kiritilgan vaqti: 31/12/2020 09:14;   Ko‘rilganligi: 742
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/saxovat-jannat-kaliti
Chop etilgan vaqti: 27/04/2024 09:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing