Saxiylik eng yaxshi fazilat
“Vaqf” xayriya jamoat fondi Samarqand viloyat fililali o‘z tasarrufidagi ziyoratgohlar bilan hamkorlikda joylarda muhtoj insonlar holidan xabar olib, ularning qalbiga xursandchilik olib kirish maqsadida bir qancha tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, fondning viloyat filiali hamda “Hazrati Dovud” ziyoratgohi xodimlari tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda Nurobod tumanidagi “Oqsoy” mahallasi, “Tavoq buloq”, “Uyrug‘ul” qishloqlarining kam ta'minlangan nochor oilalariga bir bosh qora mol so‘yilib, go‘sht tarqatildi.
Shuningdek, xayriya jamoat fondi o‘z tasarrufidagi “Murod Avliyo” ziyoratgohi rahbari F.Xusenov bilan birgalikda Bog‘ishamol mahallasida yashovchi keksa, kasalmand onaxonning og‘ir oilaviy sharoitini inobatga olib, uning oilasiga bir bosh qo‘y ehson qildi.
Yong‘in tufayli yashash joyidan ayrilgan Samarqand tumani, Zarafshon MFYda istiqomat qiluvchi oilaga viloyat filiali tomonidan homiylarni jalb qilgan holda 70 dona shifer va 20 dona taxta olib berildi.
Fondning viloyat filiali rahbari A. Sultonov ham boquvchisini yo‘qotgan, yolg‘iz keksalar holidan xabar olish ham burch ham vazifa deb biladi.
“Ruhobod” maqbarasi xodimlari tomonidan “Amir Temur” MFYda yashovchi ikkita kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr-savoblar bo‘lishi xabarini bergan.
Niso surasining 40-oyatida shunday marhamat qiladi:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَظْلِمُ مِثْقَالَ ذَرَّةٍ وَإِنْ تَكُ حَسَنَةً يُضَاعِفْهَا وَيُؤْتِ مِنْ لَدُنْهُ أَجْرًا عَظِيمًا
ya'ni: “Albatta, Alloh bir zarra miqdorida (ham birovga) zulm qilmagay, Agar (o‘sha miqdorda) yaxshilik bo‘lsa, uni (bir necha barobar) ko‘paytirur va O‘z huzuridan ulug‘ mukofot (jannat) ato etur” (Niso surasi, 40-oyat).
Alloh taolo barchalarimizni yaqinlarga, muhtoj kishilarga yaxshilik qilishda peshqadamlardan bo‘lishimizni, beradigan xayr-ehsonlarimizni ixlos va chin dildan ato etuvchi sahovatli insonlar safidan joy olishimizni nasib aylasin,! Omin.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 25/09/2019 15:31; Ko‘rilganligi: 1745
Chop etilgan vaqti: 04/10/2024 17:47