O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SamDU talabalari Prezident bilan Yaponiyada uchrashdi

 
 

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida o‘zbekistonlik talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

E'tirofli jihati, Nagoya universitetida tahsil olayotgan 30 nafar iste'dodli hamyurtlarimiz orasida Samarqand davlat universitetidan o‘qishga yuborilgan ikki nafar talaba ham bor.

Yaponiyada o‘qishini davom ettirayotgan samarqandlik talabalarning Sh.Mirziyoev bilan uchrashuvi taassurotlari haqida so‘radik.

Nodir XUSHVAQTOV, SamDUning tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasi mustaqil tadqiqotchisi:

  • Biz tahsil olayotgan Nagoya Yaponiyaning ilm-fan va sanoati rivojlangan tarixiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Ushbu shaharda Prezidentimizni kutib olishga munosib hozirlik ko‘rildi. Deyarli barcha ko‘chalarda Yaponiya va O‘zbekiston bayroqlari hilpiradi. Mahalliy vaqt bilan soat 13:00 atrofida davlatimiz rahbari Nagoya universitetida kutib olindi. Shavkat Miromonovich bilan uchrashuvimiz nihoyatda hayajonli kechdi. Prezidentimiz har birimizdan hol so‘rab, samimiy suhbatlashdi. Biz, yoshlar bilan cheksiz faxrlanishini aytdi. Eng so‘nggi rusumdagi noutbuklar sovg‘a qilar ekan, yaxshi o‘qib, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishimizga ishonch bildirdi. O‘z navbatida, biz ham Prezidentimizga yuksak e'tibor uchun minnatdorchilik bildirdik va xalqimizning ishonchini qozonishga va'da berdik.

Shahboz SABRIYEV, SamDUning amaliy matematika fakulteti talabasi:

  • Nagoya universitetida informatika yo‘nalishi bo‘yicha tahsilimni davom ettiryapman. Prezidentimiz bilan uzoq kunchiqar yurtda diydorlashganimiz biz, o‘zbekistonlik yoshlarga yanada kuch va jo‘shqinlik bag‘ishladi. Bu nufuzli dargoh bilan yangi tuzilgan shartnoma asosida kasb o‘rganishga, bilim olishga va'da berdik. Yetuk mutaxassis bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shish yo‘lida Prezident, xalq ishonchini oqlashimizni aytdik. Kelajakda o‘qishimni Nagoya universiteti magistraturasi, keyin doktoranturasida davom ettirish niyatim borligini bildirdim.

Dilmurod DO‘STMURODOV suhbatlashdi.

Manba: Zarnews.uz


Kiritilgan vaqti: 19/12/2019 13:59;   Ko‘rilganligi: 1109
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/samdu-talabalari-prezident-bilan-yaponiyada-uchrashdi
Chop etilgan vaqti: 15/09/2024 14:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing