O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

SAMARQAND ZAMONAVIY ISSIQLIK XIZMATLARI VA ISSIQ SUV TIZIMLARI BILAN TA’MINLANADI

 
 

Energosamaradorlikni oshirish va markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti modernizatsiyasi" loyihasi sharofati bilan O‘zbekistonning besh shahrida yashovchi 240 mingdan ziyod kishi issiqlik xizmatlari va issiq suv ta’minoti bo‘yicha sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.

Loyiha Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki tuzilmasidagi tashkilot)ning 140 million AQSH dollari miqdoridagi krediti hisobiga moliyalashtiriladi.

O‘zbekistonda qishki mavsum sharoitlarida barqaror issiqlik ta’minoti fuqarolar farovonligi, shuningdek atrof-muhitni ifloslantirish bilan bog‘liq xavflarning oldini olish, aholi salomatligi va xavfsizligi uchun muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda O‘zbekistonda qo‘llanayotgan markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti obyektlarining katta qismi 1950-1970-yillarda ekspluatatsiyaga kiritilgan. Biroq ko‘p yillar davomida issiqlik ta’minoti sektoriga yetarlicha e’tibor qaratilmay kelingan. O‘zbekistonning qator shaharlarida issiqlik va issiq suv ta’minoti sifati yomonlashgan, ularning ba’zilarida esa bunday xizmatlardan foydalanishning umuman imkoni qolmagan. Shunday ekan, uy xo‘jaliklari ko‘mir va gaz pechlari kabi sog‘liq uchun zararli, ishonchsiz, xavli va qimmatbaho isitish vositalariga murojaat qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Mamlakatning ba’zi hududlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalari kuzgi-qishki mavsumda issiqlik bilan ta’minlanmay, bolalar rivojlanishi uchun munosib sharoit yaratilmay qolmoqda.

Bundan tashqari, sovet ittifoqi davrida qurilgan markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti korxonalari bugunga kelib qator sabablarga ko‘ra yaroqsiz ahvolda. Xususan, issiqlik energiyasi uchun tariflar uni ishlab chiqarishga ketgan barcha xarajatlarni qoplamaydi, aholiga taqdim etilgan xizmatlar uchun pul yig‘ish darajasi past ekani kuzatilmoqda. Shu bilan birga, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarda issiqlik va issiq suv yo‘qolishi yuqori darajada, sektor korxonalarida boshqaruv samaradorligi past, tegishli infratuzilma modernizatsiyasi va ta’mirlovi uchun kapital yetishmaydi.

"Kommunal xizmatlarni taqdim etishni yaxshilash hukumatning butun mamlakat bo‘ylab fuqarolar turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan asosiy ustuvor maqsadlaridan biridir. Sovuq qish oylarida uylar, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar issiqlik bilan ta’minlanishi hayotiy muhim ahamiyatga ega", - dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori loyihaning Buxorodagi taqdimotida. - Loyiha mamlakatning yirik shaharlar markazlaridagi markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti xizmatlarini modernizatsiyalash va yaxshilashga yordam beradi. Jahon banki Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (UKXV) va tegishli hududiy hukumatlar bilan hamkorlikdan xursand".

"Energosamaradorlikni oshirish va markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti modernizatsiyasi" loyihasi Andijon, Buxoro, Chirchiq, Samarqand va Toshkent shaharlaridagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi 240 mingdan ziyod aholi uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlarini yaxshilaydi. Loyiha doirasidagi tadbirlar natijasida 2 mingdan ortiq ijtimoiy infratuzilma obyekti, jumladan, bolalar bog‘chalari, maktablar, shifoxonalar va oilaviy poliklinikalar zamonaviy issiqlik xizmatlari va issiq suv tizimlari bilan ta’minlanadi.

Mazkur loyiha yuqorida nomlari qayd etilgan shaharlarda O‘zbekistonda birinchi marta qo‘llanayotgan zamonaviy markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti modelini tatbiq qilish imkonini beradi. Bu issiqlik ta’minoti energosamaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Loyiha shuningdek sektor korxonalarining yanada samarali va iqtisodiy barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida normativ-huquqiy bazani yaxshilashga turtki beradi.

Buxorodagi loyiha taqdimotidan keyin UKXV, mahalliy kommunal xizmatlar vakillari va Jahon bankining loyiha jamoasi shaharning markaziy qozonxonasi va ijtimoiy infratuzilma obyektlarida bo‘lishdi va ularning hozirgi holatini baholashdi. 7 noyabr kuni Chirchiqqa ham mana shunday tanishuv tashrifi amalga oshirilgan edi.

Buxoroda Jahon banki vakillari viloyat hokimi O‘ktam Barnoyev bilan ishchi uchrashuv o‘tkazishdi. Tomonlar loyiha doirasida ayni damda Buxoro shahri, Olot va Qorako‘l tumanlarida amalga oshirilayotgan suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirishga oid ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi. Bundan tashqari, Jahon banki viloyat rahbariyatini loyiha doirasida kelgusida amalga oshiriladigan tadbirlardan xabardor qildi.

Jahon banki O‘zbekistonda hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy qiymati 3,3 milliard AQSH dollaridan ortiq 18 loyihani hayotga tatbiq qilmoqda. Ushbu loyihalar makroiqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va suv resurslarini boshqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, suv ta’minoti va sanitariya, energetika, transport va shahar xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Ular O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi va aholi turmush farovonligini oshirishga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.

Manba: www.zarnews.uz


Kiritilgan vaqti: 10/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1445
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/samarqand-zamonaviy-issiqlik-xizmatlari-va-issiq-suv-tizimlari-bilan-taminlanadi
Chop etilgan vaqti: 28/03/2024 17:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing