Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi «Urgut markaziy» jome' masjidiga tashrif.
Allohning uyi bo‘lmish masjid Islom dinining ezgulik, tinchlik, mehr-muruvvat, rahmdillik, muhtojlarga yordam berish kabi qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi muhim ma'naviy-diniy maskandir. Shunday masjidlardan biri bugun foydalanishga topshirildi.
«Urgut markaziy» jome' masjidi jamoasining ma'lum qilishicha, 5 yildan ziyod vaqt davomida, xalq hashari yo‘li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan, namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega, 10000 kishilik sig‘imli jome masjid bunyod etildi.
Mazkur masjid, tom ma'noda ma'rifat maskanidek qad rostlagan. Xonaqoh sharq uslubidagi zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan bo‘lib, serjilo, issiq voha taftini namoyon etadi. Masjid gumbazining ichki tomonida Qur'oni karimning ibodatga da'vat etuvchi oyatlari bitilgan.
Mehrob esa olovrang siyohlar bilan kufiy va suls hatlarida Alloh taologa hamd va Payg‘ambar alayhissalomga salovat, shuningdek, oyati karimalar bilan bezatilgan.
Xonaqoh yonida zamonaviy shaklda tahoratxona bunyod etilgan.
Masjid hovlisiga tutash qilib, bog‘ va gulzor barpo etilgan.
Xullas, mazkur masjid mamlakatmizning eng olis tumanlaridan biri sanalmish Urgut ahli uchun cheksiz quvonch va baxtga sabab bo‘luvchi maskan bo‘ldi.
Masjid hovlisida dam olish joylari ham yaratilgan.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Yunusobod tumani bosh imom xatibi Ustozimiz Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahullohu tashrif buyurdilar.
Ushbu masjidga ustozimiz tashrif buyurganlarini eshitgan viloyat ahlining uzoq qishloqlarda yashaydigan namozxonlari ham kelishdi.
Imonli, e'tiqodli odamlar uylaridan ikkita oliyjanob niyat bilan yo‘lga chiqqan:
1) Ushbu yangi masjidda kamoli ixlos ila namoz o‘qish;
2) Ustozimiz Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy hafizahullohuni ziyorat qilib, amri ma'ruflarini tinglash.
Samarqand viloyati bosh imomi Eshonqulov Zayniddin domla masjid qavmini masjidning yangi binosi ochilishi bilan muborakbod etganlaridan so‘ng, ustozimiz Shayx Sayyid Rahmatulloh Termiziy o‘zlarining ta'sirli mav'izalarini qildilar so‘ng ushbu masjidni qurilishidan bitgunga qadar o‘z hissasini qo‘shganlar haqqiga duoi xayrlar qildilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 19/03/2021 17:01; Ko‘rilganligi: 1847
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 20:02