SAMARQAND VILOYATI VAKILLARI FRANSIYADAGI XALQARO KO‘RGAZMADA
Shu yilning 21-28 sentyabr kunlari Fransiyada Xalqaro «Le Villiage de la Gastronomie» gastronomik festivali hamda «ITFM Top Resa» turistik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev boshchiligida ushbu mamlakatga tashrif buyurgan yurtimiz delegatsiyasi orasida Samarqand viloyati vakillari ham bo‘ldi va xalqaro tadbirlarda faol ishtirok etdi.
Xususan, viloyat hokimligi, «Hunarmand» uyushmasi viloyat xududiy boshqarmasi, Samarqand qog‘ozi ishlab chiqaruvchi «Konigil meros» oilaviy korxonasi, «Samarqand-Buxoro ipak gilami» qo‘shma korxonasi vakillaridan iborat Samarqand delegatsiyasi dastlab O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasida mamlakatimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlangan qabul marosimida qatnashdi.
Shundan so‘ng «Le Villiage de la Gastronomie» gastronomik festivalining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Festivalda 55 davlat vakillari o‘zlaridagi milliy hunarmandchilik va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Samarqandlik hunarmand va mohir oshpazlar Fransiya, Xitoy, AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Ispaniya, Meksika, Portugaliya, Tunis, Suriya, Rossiya, Armaniston va boshqa davlatlar vakillari bilan o‘zaro fikr almashdi. Ularga Samarqand turizm salohiyati, osori-atiqalarimiz, tarixiy qadamjolarimiz, shuningdek, barpo etilayotgan «Samarqand siti» – turistik shaharchasi, shuningdek, milliy oziq-ovqat mahsulotlarimiz, Samarqand noni va boshqa taomlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Samarqandga turistik marshrutni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni o‘rnatish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi. Milliy taomimiz – Samarqand palovi tayyorlanib, festival ishtirokchilariga tarqatildi.
«ITFM Top Resa» 40-Xalqaro turistik ko‘rgazmasining ochilish marosimida esa dunyoning 210 ta davlati va 6111 ta kompaniyalar vakillari qatnashdi. Delegatsiya a’zolari ko‘rgazmada ishtirok etayotgan xorijning turistik kompaniyalari vakillari bilan muloqot o‘tkazib, yurtimizning boy tarixi, diqqatga sazovor joylari va turistik salohiyati haqida ma’lumot berdilar. Diyorimizga turistlar oqimini oshirish borasida muzokaralar o‘tkazildi.
Festival davomida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki yuqori baholandi.
Safarning so‘nggi kunida Samarqand viloyati hokimligi va Lion shahri meriyasi o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Manba: "zarnews.uz"
Kiritilgan vaqti: 03/10/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1621
Chop etilgan vaqti: 03/12/2024 00:23