O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Sabr va shukrning fazilati

 
 

Robbul amiyn, Robb subhanahu va taologa cheksiz hamdu sanolarimiz bo‘lsinkim, mana, 24 haftadan beri, olti oydan beri ushbu dard – vabo tufayli juma namozini o‘qiy olmayotgan edik. Alhamdulillah, yo‘llarimiz ochilib, masjidlarimiz ochilib, bugun sizlar bilan Allohning uyida sog‘-salomat diydor ko‘rishib turibmiz. Buning uchun har qancha shukr aytsak, har qancha hamd aytsak, shuncha oz. Qanchadan-qancha yurtdoshlarimiz, dindoshlarimiz, yaxshi insonlar, qadrdon do‘stlar, ahli ilmlar, erkagu ayollar bu balo, bu vabo tufayli vafot etib ketishdi. Alloh hammalarini rahmat qilsin! Hozirda bemor bo‘lib turganlarga Parvardigorimiz, Robbul izzaning O‘zi shifoi komil, shifoi ojil bersin, barchamizni hifzu himoyasida asrasin!

Bu sinovli kunlarning hikmati shu ekanki, Robbimiz ato etayotgan son-sanoqsiz ne'matlarning qadriga yanada ko‘proq yetadigan bo‘lib qoldik, birodarlar. Bu karantin vaqtida ko‘pgina ne'matlarning qadriga yetishni o‘rgandik. Jumladan, masjidning, jamoatning, juma namozining ham qadriga yetdik.

Bugun hammamiz hayajonga to‘lib o‘tiribmiz, qalbimiz ixlosga to‘lib, g‘ayrat-shijoatimiz jo‘sh urib turibdi. Bugungi juma namozimiz tarixda qoladigan namoz bo‘ladi. Zero, bugun ko‘pgina duolarimiz qabul bo‘ldi, birodarlar. Shunday ekan, bugun yanada ko‘proq duo qilaylik, hammaning haqqiga duo qilaylik, zero, juma kunida duo qabul bo‘ladigan bir soat bor, fursat bor. Bugun asr namozidan keyin shomgacha bo‘lgan vaqtni g‘animat bilaylik!

Imom Molik rahmatullohi alayh bu vaqtni g‘animat bilib, juma kunlari asr namozidan keyin to shom vaqtigacha o‘zlarining duo qiladigan g‘urfalariga – hujralariga kirib ketar ekanlar.

Hammamiz duoga muhtojmiz, birodarlar. Ayni shu kunlarda ba'zi do‘stlarimiz oramizda yo‘q, har xil sabablar bilan, aybli-aybsiz holda qamoqxonalarda, hibsxonalarda o‘tirishibdi. Ularni ham duo qilaylik, Parvardigor Robbul izza bu sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tishni nasib qilib, tezroq qavmimizga, davramizga sog‘-salomat qaytishlarini nasib aylasin. O‘sha birodarlarimizning haqlariga alohida duolaringizni so‘ragan bo‘lardim, azizlar.

Bugungi mavzu – sabr va shukrning fazilati. Bugungi juma ma'ruzasiga bundan boshqa mavzu bo‘lishi ham mumkin emas edi. Zero, sabr va shukr – eng ulug‘ mavqif, eng ulug‘ manzildir, azizlar. Afsuski, bugungi kunda, ya'ni sabr va shukrga eng muhtoj bo‘lgan kunimizda, har doimgidan ko‘ra ko‘proq sabr va shukr qilishimiz kerak bo‘lgan holatimizda bu ikki sifatni tanqid qiladiganlar ham paydo bo‘lmoqda. «Doim sabrga, doim shukrga chaqirasizlar, qachon jihodga chaqirasizlar? Sizlar faqat shukrga undaysizlar, «shukrchi domla»sizlar, faqat sabrga chaqirasizlar, sizlarda boshqa gap yo‘q, haqni gapirmaysizlar!» deydigan johillar ko‘payib bormoqda.

Vaholanki aynan bugungi kunda sizlar bilan faqat sabr haqida, ayniqsa, shukrning fazilati borasida gaplashishimiz kerak. Zero, shukr – muvaffaqiyatning kalitidir, ayni saodat, ayni baxtdir.

Alloh subhanahu va taolo kalomi sharifda marhamat qiladi:

«Tezda Robbingiz sizga ato qiladi va siz rozi bo‘lasiz».

Robbimiz nima ato qilsa, biz shunga rozi bo‘lishimiz kerak ekan. Mana shu «ar-rizo» maqomidir.  Qazoi qadarga rozi bo‘lish shukrni taqozo qiladi. Xo‘sh, shukr nimani taqozo qiladi?

Hasan Husaynga, Fotima Zuhraga bog‘langanidek, shukrga ham bog‘langan ne'mat bor. Shukr ziyoda bo‘lishni taqozo qiladi, barakani taqozo qiladi. Demak, shukr bilan ko‘payishga bog‘langan, birodarlar. Shukr keltirdingizmi, albatta ziyoda bo‘ladi. Ammo teskarisi ham xuddi shunday – noshukur bo‘ldingizmi, Alloh taolo sizdan ne'matlarini qirqadi, rizqingizni qiyadi, ya'ni mahrum qiladi. Shuning uchun dinimiz bandalarni, biz muxlis ummatni doimo shukrga chaqirib kelgan. Shukr qilishning eng avvali esa bandaning taqdiridan, shu hayotidan rozi bo‘lishi ekan. Nafaqat hayotimizdan, balki Alloh taolo yozgan qazo va qadardan rozi bo‘lishimiz kerak. Buni tushuntirish uchun uchun sizlarga bir qissani keltirib o‘taman. Bu qissani ijtimoiy tarmoqda ham gapirdik, uch-to‘rt kundan beri qayerda bo‘lsak, shu qissani gapiryapmiz.

Bu qissani «Al-bidaya van-nihaya» kitobidan topishingiz mumkin. Shuningdek, imom Buxoriyning «Tarixul kabir»laridan, Ibn Hibbonning «Sahih»laridan ham topasiz. Bu qissa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida bo‘lib o‘tgan, «Tuyaning soyasida yur» deb nomlangan qissadir.

Rosululloh alayhissalom Madinai Munavvarada edilar. Yamandagi qadimiy Hazramavt shahrining shahzodasi Voil ibn Hujr al-Hazramiy roziyallohu anhu Islomni qabul qilish uchun Madinai munavvaraga kelayotgan edilar. Yamandan juda ko‘p ulamolar chiqqan, birodarlar. Hozirda ham u yerda hanafiy mazhabi bo‘yicha o‘tkir faqihlar bor. Jabroil alayhissalom Voil ibn Hujr al-Hazramiy roziyallohu anhuning kelishini Payg‘ambar alayhissalomga yetkazdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahobalarga bu xursandchilikni yetkazib, «Hozir bu yerga Yaman ulug‘larining eng oxirgilaridan biri kelmoqda, Yamanning shahzodasi kelmoqda», dedilar. Shahzoda kelgach, Payg‘ambar alayhissalom uni quchoq ochib kutib oldilar, odatiy iltifotlarga qaraganda biroz mubolag‘a bilan iltifot ko‘rsatdilar, hatto egnilaridagi yopinchiqlarini yechib, mehmonning tagiga to‘shab, yonlariga o‘tirg‘izdilar. Voil roziyallohu anhu taxminan 15-20 kuncha Madinada, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga turdi. Mana shu 20 kun davomida Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Voil roziyallohu anhuni yonlaridan ketkazmadilar. Namozga imomga o‘tsalar, ortlariga Voilni o‘tkazib qo‘yardilar, Voil eshitsin, o‘rgansin, qavmiga borib, tezroq Islomni, namozni o‘rgatsin deb, qiroati maxfiy qilinadigan namozlarda ham ovozlarini chiqarib qiroat qilardilar, «omin»ni ham ovozlarini chiqarib aytardilar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, bu ulug‘ sahoba jami 71 ta hadis rivoyat qilgan bo‘lsalar, ana shu 71 ta hadisning aksari namoz haqidadir. Bu hadislar o‘sha 20 kun davomida har kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘qilgan namozlarning sifatlari bo‘lib, hammasida «Rosululloh sollallohu alayhi vasallam namozda bunday qildilar», bunday o‘qidilar, unday o‘qidilar va hokazolar deyilgan.

 

Shu o‘rinda bir mulohazani aytmoqchiman. Hozir ba'zilar salbiy ma'noda, tahqir ma'nosida «saroy mullasi» degan istilohni ishlatadigan bo‘lib qolishdi. Ular bu atamani saroyga aloqasi bor diniy xodimlarga nisbatan ishlatishadi. Rahmatlik Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlarni «saroy shoiri» deyishardi. Xullas, davlat siyosatini qo‘llaydigan ziyolilarga shunday laqab qo‘yishar edi. Endi imomlarni ham «saroy imomlari» deyishyapti.

Mana, bu qissada Payg‘ambar alayhissalom saroy vakiliga qanday muomala qilganlarini eshitdingiz. Voil ibn Hujr saroyning bir vakili emas, balki saroyning shahzodasi edi, Yamanning podshohi edi. Payg‘ambar alayhissalom bu kishiga qanday iltifot ko‘rsatdilar? Har doimgi mehmonlarga qaraganda biroz mubolag‘ali tarzda muomala qildilar.

Mana, marhamat, insof bo‘lsa, yuqoridagi iborani Payg‘ambar alayhissalomga ham ishlatishsin!

 

Voil ibn Hujr al-Hazramiy roziyallohu anhu qaytayotgan chog‘ida Payg‘ambar alayhissalom bir qog‘ozga Yamanning ba'zi yerlarini Voil ibn Hujrga tegishli ekani haqida hujjat, yorliq yozdirib berdilar. Voil ibn Hujr Yamandagi yerlarini, mol-mulkini, shahzodalik martabasini, sha'nini, obro‘sini tashlab, Islom uchun Madinaga kelgan edi. Ana shuning mukofoti o‘laroq, Payg‘ambar alayhissalom unga o‘sha yerlarni hujjat qilib berdilar. Shuningdek, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhuni unga vakil qilib, birga yubordilar, «Ey Muoviya, Yaman ahliga borib, Hazramavt ahliga mana shu hujjatni tasdiqlab berasan, bu yerlar endi Voilniki ekanini ularga yetkazasan», dedilar.

Qarangki, Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu o‘sha paytda iqtisodiy jihatdan nihoyatda tang ahvolda ekanlar, ulov tugul, hatto oyog‘ida kavushi ham yo‘q ekan. Lekin sahobalarning samimiyati, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga sadoqati, itoatini qarangki, buyruqqa labbay dedilar, bosh tortmadilar, «Yo Rosulalloh, mening ulovim yo‘q, menga ulov qilib bering, keyin boraman, hech bo‘lmasa kavush olib bering, keyin boraman», demadilar. «Xo‘p bo‘ladi. Eshitdik va qabul qildik!» dedilar. Mana, haqiqiy mo‘min-musulmon odamning javobi. Demak, Islomning buyrug‘ini eshitganda xuddi shu mavqifda bo‘lishimiz kerak ekan.

Ikkovlon yo‘lga tushishdi. Aslida qissa mana shu yerdan boshlanadi. Voil ibn Hujrning musulmon bo‘lganiga 20 kun bo‘lgan, unda hali kibor alomatlari bor, hali ruhiy tarbiyasi kamoliga yetgani yo‘q, tuyasida yastanib ketyapti. Muoviya esa oyoq yalang, sakrab-sakrab, tez-tez yurib, unga ergashib kelyapti. Birozdan so‘ng, kun yoyilgach, Muoviyaning oyog‘i sahro qumining issig‘idan kuya boshladi. «Oyog‘im kuyyapti, tuyangga meni mingashtirib ol, Voil», dedi Muoviya. «Ey Muoviya, tuyani qizg‘anmayman, lekin o‘zing o‘ylab ko‘r, men bir shahzoda bo‘lsam, sen oddiy odam bo‘lsang, shahzodalarga mingashadigan darajada emassan-ku!» dedi Voil. Muoviya «Ha, mayli» deb, ko‘nishga majbur bo‘ldi. Yo‘lda davom etishdi. Birozdan so‘ng Muoviyaning oyog‘i battar kuygach, «Ey Voil, hech bo‘lmasa kavushingni berib tur, oyog‘im kuyyapti. Hozir senga kavush kerakmas-ku!» dedi. Voil esa «Kavushni ham qizg‘anyapti demagin-u, lekin o‘zing ham insof qil-da, Muoviya! Sen shahzodalarning kavushini kiyadigan odammisan? Oddiy odamsan-ku! Mayli, men senga iltifot qilaman, tuyamning soyasida yuraqol», dedi Voil. Tuyaning soyasida oyoq kuymaydi-da!

Xullas, Muoviya ibn Abu Sufyon Hazramavtga yetib kelguncha Voil mingan tuyaning soyasida bordilar.

Sahobalarning samimiyatini qarang! Xushomad qilish, xafa bo‘lish, yomon gumon qilish, birodarining gapini og‘ir olish yo‘q! Bo‘lmasa, Muoviya aynan Voilning ishi uchun ketyapti, unga berilgan yerning hujjatini tasdiqlash uchun ketyapti. Bugungi kunning tili bilan aytsak, Muoviyaga Voil emas, aynan Voilga Muoviya kerak. Lekin Muoviya amrni kimdan olganlar? Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan olganlar. Shuning uchun bu amrni bajarishdagi har qanday qiyinlikdan bosh tortmay ketyaptilar.

Oradan yillar o‘tdi. Vaziyatlar o‘zgardi. Ha, birodarlar, bu falakning gardishi tinmay aylanib turadi, hamma narsa o‘zgarib turadi. Boylar kambag‘al bo‘ladi, kambag‘allar boy bo‘ladi, podshohlar qul bo‘ladi, qullar podshoh bo‘ladi, aziz bir kun xor bo‘lsa, xor ham bir kun aziz bo‘lishi mumkin.

Voil ibn Hujr al-Hazramiyning yoshi saksondan oshib qoldi. Bu o‘tgan yillar davomida buyuk sahoba bo‘lib yetishdilar. Siffin jangida hazrati Ali roziyallohu anhu tomonida turib jang qildilar, sakson yoshdan oshganlarida Shom yurtlariga safar qildilar. Shomda esa bir paytlar oyog‘i issiq qumda kuygan Muoviya amirul mo‘minin bo‘lib, taxtga o‘tirar edilar. Butun dunyo o‘sha qumda kuygan oyoqlarining ostida edi. Falakning gardishi deb shuni aytadilar.

Bir kuni Voil amirul mo‘mininning ziyoratiga kirdi. Muoviya qarasa, o‘sha bir paytlar tuyasiga mingashtirmagan, kavushini ham bermagan odam huzuriga izn so‘rab kirib kelyapti. Muoviya roziyallohu anhu yugurib borib, Voilni quchoqlab oldilar. Muoviyaning xulqiga qarang – na gina qilish bor, na o‘pkalash bor, na xusumat qilish bor! Sahobalarning samimiyatini tomosha qiling, azizlar! Xalifa Muoviya roziyallohu anhu Voilni olib kelib, o‘zining halifalik taxtiga o‘tirg‘izdi, ko‘p iltifotlar ko‘rsatdi, oldiga oltin tangalar solingan hamyonni qo‘ydi. Voil esa «Pulga ehtiyojim yo‘q, buni muhtojlarga bering, ey mo‘minlarning amiri! O‘shanda men hilmingizni ko‘rib, sizni yaxshi ko‘rib qolganman», dedi. Ana shunda Muoviya roziyallohu anhu hazil aralash Voilga o‘sha safarni eslatdilar. Shunda Voil roziyallohu anhu «Ey mo‘minlarning amiri! Qaniydi zamonni orqaga qaytarishning iloji bo‘lsa! Men sizga kavushimni berish, tuyamga o‘tirg‘izish uyoqda tursin, Hazramavtgacha shu ikki qo‘limda ko‘tarib borgan bo‘lar edim!» degan ekanlar.

Ha, azizlar, har bir inson Alloh taolo nasib qilgan darajasiga, mavqifiga rozi bo‘lsin ekan. Kim bo‘lishidan qat'i nazar, oddiy bir ishchimi, doktormi, muhandismi, haydovchimi, quruvchimi, melisami yoki boshqami, kim bo‘lsa-bo‘lsin, hayotda tutgan o‘rniga, mavqifiga, o‘zining qismatiga rozi bo‘lishi kerak. Chunki rozi bo‘lsa, shukr qiladi. Norozi bo‘lsa, noshukr bo‘ladi. Norozi bo‘lsa nima bo‘ladi? Norozi odamlar hamma narsadan norozi bo‘ladi – hayotdan ham norozi, davlatdan ham, hukumatdan ham, iqtisoddan ham, siyosatdan ham, dindan ham, imomlardan ham norozi bo‘ladi. Alloh saqlagan bo‘lsin.

Ustoz Sayyid Rahmatulloh Termiziy


Kiritilgan vaqti: 21/09/2020 10:47;   Ko‘rilganligi: 1060
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/sabr-va-shukrning-fazilati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing