RUHOBOD JOME MASJIDI
“Ruhobod” jome masjidi Samarqand shahrining Go‘ri Amir maqbarasi hududida, “Ruhobod” maqbarasi va madrasasi binolari yonida joylashgan. Masjid binosi ikki tomoni peshayvon va xonaqohdan iborat. Ba’zi manbalarda ko‘rsatilishicha hozirgi masjid o‘rnida oldindan masjid bo‘lgan, so‘ng ushbu masjid qaytadan bino qilingan.
“Ruhobod” majoziy nom bo‘lib, aslida Shayx Burhoniddin Sog‘arjiyga atab qurilgan maqbaradir. Sog‘arj esa qadimgi Samarqand yaqinidagi shaharlardan birining nomi hisoblanadi. Bu Shayx Burxoniddinning ushbu shaharda tavallud topganligini bildiradi.
Hozirgi masjid binosidagi bitikda u hijriy-qamariy 1325-yil qaytadan bino qilingani ko‘rsatilgan. Bu esa milodiy 1903 yilga to‘g‘ri keladi. Oldingi masjid binosi Mirzo Ulug‘bek davrida qurilgan degan fikrlar manbalarda keltirilgan. “Ruhobod” masjidida toliblar va mudarrislar o‘zlarining ibodatlarini qilib kelganlar. Sobiq sho‘rolar davrida masjid binosi kutubxona, madaniyat uyi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Mustaqillik sharofati bilan qonuniy faoliyat qiluvchi masjid sifatida musulmonlarga qaytarib berilgan. Masjid tarixiy obida sifatida davlat himoyasida turadi.
Amir Temur hazratlarining 650 yilligi munosabati bilan masjid binosi va naqsh-nigorlari qaytadan ta’mirdan chiqarilgan.
Masjidda inqilobga qadar ko‘p ulamolar imomlik qilgan. Bulardan Hoji Muin domla, Qori Ismoil domlalar. Mustaqillik davrida esa Sharipov Yusuf domla, Davidov Bahodir domla imom-xatib bo‘lib ishlaganlar.
Hozirgi kunda masjidda Amirov To‘lqin hoji domla imom-xatib bo‘lib ishlab kelmoqda.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi
Kiritilgan vaqti: 03/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3883
Chop etilgan vaqti: 15/12/2024 03:28