Ramazon oyi fayzu barakali bo‘lsin!
Bismillahir rohmanir rohim. Xayru saxovat, mehr-oqibat, silai rahm mavsumi bo‘lmish Ramazon oyini ato qilgan Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin! Ramazonni chinakam yaxshilik oyi sifatida o‘tkazishda ummatga namuna bo‘lgan suyukli payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlarimiz bo‘lsin!
Butun islom ummatini, xususan, aziz xalqimizni muborak Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz. Alloh taolo bu fazilatli ayyomni butun dunyo uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin!
Alloh taolo Ramazon ro‘zasi haqidagi oyati karimada bunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsalaringiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Bu oyda har bir musulmonning odobu axloqi sayqallanadi. Taqvosi ziyoda bo‘ladi. Buning sababidan jamiyatda yaxshi kayfiyat, ahillik va birdamlik hukm suradi.
Hazrat payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu muborak oyni g‘animat bilishga chorlab, bunday deganlar: “Sizlarga Ramazon oyi keldi. U muborak oydir. Alloh sizlarga uning ro‘zasini farz qildi. Unda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi, shaytonlar kishanlanadi. Unda ming oydan yaxshi kecha bor. Kim uning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, (barcha yaxshiliklardan) mahrum bo‘libdi”. (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo oylar ichida Ramazonni fazilatli qildi. Bu oyda Qur'on nozil bo‘lgan, ro‘za tutish farz qilingan. Ro‘za tanaga ham, ruhga ham fayzu quvvat bag‘ishlaydi. Ushbu oyda Allohga har qachongidan-da yaqinlashish, ulug‘ ajru mukofotlarga sazovor bo‘lish imkoniyati ko‘p.
Bu oyda Yer yuzining turli tarafidagi musulmonlar mushtarak qarash va ezgu maqsad bilan birlashadi. Shubhasiz, Qur'on xatmi, taroveh va iftorliklar musulmonlarni yanada jipslashtiradi, mehr-oqibat, dinu diyonatni shakllantiradi.
Imom Tabaroniy Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Sizlarga baraka oyi — Ramazon keldi. Unda Alloh sizlarni behojat qiladi, rahmatini nozil qiladi, xatolarni o‘chiradi, duolarni ijobat qiladi”, deya marhamat qilinadi.
Davlatimiz rahbarining yaqinda e'lon qilingan qarorida xalqimiz uchun ezgulik, birdamlik, olijanoblik va shukrona timsoli bo‘lgan qutlug‘ Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish, diniy-ma'rifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda ulug‘lash bo‘yicha qator vazifalar belgilangani barcha yurtdoshlarimizni behad xursand qildi.
Alloh taologa shukr, yangi O‘zbekistonda barcha soha qatori diniy-ma'rifiy jabhada ham salmoqli ishlar qilindi. Ayniqsa, masjid-madrasalar ko‘payayotgani, Qur'oni karimni o‘rgatish kurslari faoliyati, haj, umra qiluvchilar soni oshayotgani va allomalarga ehtirom ko‘rsatilib, asarlari ona tilimizga tarjima qilinayotgani barchani mamnun etdi. Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bag‘ishlangan anjuman ishtirokchilari — taniqli muftiylar, zabardast ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizdagi tarixiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.
Yurtimiz ulamolarining nufuzli islomiy tashkilotlarga a'zo bo‘lishi diniy-ma'rifiy islohotlarning musulmon dunyosi tomonidan yuksak e'tirof etilishi bo‘ldi. Bularning barchasi mamlakatimizda vijdon va e'tiqod erkinligini ta'minlash, diniy-ma'naviy, ilmiy-ma'rifiy, umuminsoniy qadriyatlarni e'zozlash yo‘lidagi sa'y-harakatlarning yorqin ifodasidir.
Ramazon oyida mehr-oqibat yanada ziyoda bo‘ladi. Shu sababli xalqimiz bu oyning barakasidan har bir uy bahramand bo‘lsin, mo‘minlar qalbiga shodlik kirsin deb ko‘proq xayr-saxovat qilishga, zakot berishga oshiqadi.
Ayni kunlarda ijtimoiy himoya sohasida keng ko‘lamli ishlar boshlandi. Kam ta'minlangan oilalar, nogironligi borlar, yetimlarga yordam berish, kasb-hunar o‘rgatish, ularni o‘qitish va ishga joylashtirish borasida ham aniq va manzilli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Biz — ulamolar bu yil Ramazon oyini yurtimizda mehr-muruvvat, xayru saxovat mavsumiga aylantirishni o‘zimizga shior qilib oldik. Toki qutlug‘ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandlik kirib borsin. Shunda murodimiz hosil, Yaratgan bizdan rozi, xalqimiz har yili Ramazonni orziqib kutadigan bo‘ladi, inshaalloh.
Aziz xalqimiz, ayniqsa, saxovatli do‘stu birodarlarimiz bu oyda imkon qadar xayriya ishlarini ko‘paytirsin, yurtimizda ehtiyojmand kishi qolmasin, har bir uyda shodlik, quvonch muhiti hukm sursin.
Binobarin, insoniyatga ksak namuna bo‘lgan hazrat payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu oyda boshqa oylarga qaraganda saxiyroq bo‘lar edilar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy bo‘lib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan esayotgan shamoldan-da uchqur edilar” (muttafaqun alayh).
Shunday ekan, umid qilamizki, qo‘li ochiq, saxovatpesha yurtdoshlarimiz nogironligi bor shaxslar, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar hamda kam ta'minlangan oilalarga mehr-muruvvat qo‘lini cho‘zadi, bemorlar holidan xabar olib, ko‘ngillarini ko‘tarishda peshqadam bo‘ladi.
Bu yil 2 mingdan ziyod masjidda taroveh namozi ado etiladi. Shundan 1 ming 600 tasida Qur'on xatm qilinadi. Ramazon oyining 27 kuni davomida masjidlarda kalomullohning sahifalari bir xil adadda o‘qiladi.
Alloh nasib etsa, barcha masjidda Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, ya'ni Qadr kechasi kuni Qur'on xatmi yakunlanib, bir vaqtning o‘zida bir necha million yurtdoshimiz Haq taologa duo qiladi. Mana shunday jamuljam iltijo ijobatidan yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon bo‘ladi. Yurtimizga ilohiy nur, baraka yog‘iladi, inshaalloh.
Hadisi sharifda “Ro‘zadorning duosi maqbuldir” deyiladi. Shuning uchun ham bu qutlug‘ oyda chin qalbdan, astoydil dunyo va oxirat saodatini so‘rab duo qilishimiz kerak. Alloh taolodan ushbu qutlug‘ oyda aziz xalqimizga mustahkam sog‘liq, bitmas-tuganmas kuch-quvvat, oilaviy baxt-saodat va faoliyatida ulkan zafarlar yor bo‘lishini so‘raymiz. Yaratganning O‘zi yurtimizni turli balo va ofatlardan omon saqlasin. Parvardigori olam yurtimiz tinchligini barqaror, xalqimiz hayotini bundan-da farovon, muborak Ramazondagi xayrli ishlarni yil bo‘yi bardavom qilsin.
Niyati pok, maqsadi ulug‘ xalqimizning, har bir mo‘min-musulmonning duo va iltijolari ro‘yobga oshsin! Muborak Ramazon oyi bilan barcha mo‘min-musulmonlarni, aziz xalqimizni yana bir bor samimiy qutlaymiz.
Barchamizga fazilatli Ramazon oyi muborak bo‘lsin! Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Kiritilgan vaqti: 12/03/2024 12:39; Ko‘rilganligi: 348
Chop etilgan vaqti: 14/02/2025 15:35