O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ramazon muborak, aziz samarqandliklar!

 
 

Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuhu,

Olam uzra oylar sultoni Muborak Ramazon oyi kirib keldi. Ibodat qilish uchun ulug‘ fursat, tavba qilish uchun qulay imkoniyat, yaxshiliklarga ko‘pdan ko‘p ajr-savoblar bitiluvchi ushbu oy barchangizga muborak bo‘lsin.

Hadisi qudsiylardan birida: «Ro‘za men uchundir va uning mukofotini men beraman» (Buxoriy rivoyati), – deya ta’kidlangan.

Bu oy shunday qadrli va g‘animat oydirki, unda tutilgan ro‘zaning savobini bevosita Alloh taoloning O‘zi beradi. Bu oyda jannat darvozalari ochiladi, jahannam qopqalari yopiladi, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirlar bilan bog‘lanadi, gunohlar mag‘firat qilinadi.

Ramazon oyi Alloh va Rasulining buyruqlarini bajarishda, qaytariqlaridan qaytishda va sinov-imtihonga uchraganda sabr-toqatli va chidamli bo‘lishni o‘rgatadigan oydir. Bu oyda qariyalar ziyorat qilinadi, bemorlardan xabar olinadi, muhtojlarga yordam beriladi, musibatzada insonlardan ko‘ngil so‘raladi va yetimlar ovutilib, yupatiladi. Dunyoda qanchalik yaxshilik ishlari bo‘lmasin barchasi ushbu oyda mujassamdir.

Joriy yilda viloyatimizdagi barcha 285ta masjidda taroveh namozlari o‘qiladi, 98 ta masjidda Xatmi Qur’onlar qilinadi. Imom domlalarimiz joylarda turli xayriya ishlarini tashkil etmoqdalar. Masjidlar, mahallalar, ziyoratgoh va qabristonlar Ramazon oyi hurmatidan toza-ozoda holga keltirildi.

Bu oy ezgulik oyidir. Shuning uchun bu oyda balog‘at yoshiga yetgan, sog‘ligi ko‘taradigan har bir mo‘min musulmon kishi ro‘za tutishi, ko‘plab yaxshiliklar qilishga haris bo‘lishi lozim. Bemorlik yoki bo‘lmasa musofirlik sababidan ro‘za tuta olmayotganlar bo‘lsa Ramazonning hurmatidan insonlarning ko‘zidan pana joylarda, bekitgan holda ovqat yemoqlari lozimdir. Ro‘zadorlar orasida kunduzi ochiqdan ochiq tanuvvul qilish, yoki uzrsiz ro‘za tutmaslik o‘ta xunik ish bo‘lib, ota bobolari musulmon olamiga ustozlik qilgan avlod uchun uyatli holatdir.

Bu oyda amalga oshiriladigan barcha maraka-marosimlar, ziyofatlar faqat va faqat iftorlik vaqtidan so‘ngina bo‘lishi lozim. Afsuski, o‘tgan yillarda ayrim joylarda Ramazon oyi bo‘lishiga qaramasdan kunduzlari to‘y, turli ziyofatlar, mehmondorchiliklar qilinganiga guvoh bo‘ldik. Bu Yaratganga isyon, katta gunoh va yurtdan barakani ketkazuvchi illatdir.

Joylarda qilinadigan iftorlik va saharliklarni ham kam xarj, dabdaba bozlikdan yiroq holda, xonadonlarda o‘tkazmog‘imiz kerak bo‘ladi. Ko‘proq muhtojlar, yo‘qsillarni taklif qilib, ularning ko‘nglini ko‘tarish payidan bo‘laylik.

Bu oy barchamizga muborak bo‘lsin. Ramazon barakotidan Alloh taolo yurtmizni omonlikda saqlasin. Eski illatlar, ko‘ngilsizliklar, kelishmovchiliklarni unitib, ibodatga, yaxshiliklarga bel bog‘lagan holimizda ushbu oydan ko‘plab ajr-savoblar bilan chiqishimizni nasibu ro‘zi aylasin.

Zayniddin domla Eshonqulov,

Samarqand viloyati bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 16/05/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1994
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ramazon-muborak-aziz-samarqandliklar
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 13:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing