RAMAZON HAYITI MUBORAK BO‘LSIN!
Boshimiz uzra rahmat soyaboni, oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu xatmi Qur'on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon oyi nihoyalab, mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi – muborak Ramazon hayiti yaqinlashib kelmoqda.
Ramazon oyi har birimizga haq yo‘ldan yurishga va ma'naviy barkamollikka erishishga imkon berdi. Ko‘pchilik bu oyda o‘zlarining zararli odatlaridan forig‘ bo‘ldilar, o‘zlariga go‘zal axloq va odatlarni mujassam qildilar. Inshaalloh, shu fazilatlar oddiy kunlarda ham saqlanib qolishidan umidvormiz.
Ramazon hayiti kelishi bilan qalbimizda ikki tuyg‘u kechadi. Birinchisi bu quvonch tuyg‘usi bo‘lsa, ikkinchisi shunday marhamatli oyning yakunlanganidan afsuslanish hissidir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi vasallam Ramazon oyining ulug‘vorligi haqida shunday so‘zlarni aytganlar:
“Agar ummatlarim Ramazon oyining ular uchun qanchalik sharofatli va barakotli ekanini yaxshi bilganlarida edi, faqatgina shu bir oy emas, balki yilning qolgan hamma oylarida ham ro‘za bo‘lishini orzu qilgan bo‘lar edilar”.
Ramazondan ayrilishni o‘ylab mahzun bo‘layotgan qalbimizga eng ulug‘ bayramlarimizdan biri bo‘lgan Iyd al-fitr hayit bayrami tashrifi taskin bag‘ishlamoqda. Hayit bayrami barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kun hisoblanadi. Bu kunlarda mo‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne'matlari uchun, shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, hadya va sovg‘alar ulashadilar, hayit namozini ado etadilar. Hayit bayrami kunlari ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Bu kunda ba'zi joylarda odamlar urf qilib, to‘p-to‘p bo‘lib qabristonga, azador xonadonlarga borishi, yig‘i-sig‘i qilishi, shar'an durust emasdir.
Hayit namoziga chiqishda g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lgandan so‘ng, atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqishi va imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab sanaladi. Bunga imkoni yo‘qlar eng yaxshi toza-ozoda kiyimlarini kiyib chiqadilar.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra Iyd al-fitr kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joizdir. Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi.
Agar biror uzr bo‘lmasa, hayit namoziga piyoda yurib borish ham sunnat amallardan hisoblanadi. Abu Rofe' roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar”(Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Shunga ko‘ra biror kasallik, yoki uzoqlik yoki qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa, namozgohga piyoda borish sunnat bo‘ladi.
Hayit namozidan so‘ng insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham hayit kunining odoblaridan bo‘lib, bu kunda bir-birlarini tabriklash ma'nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma'nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa, o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib, shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi. Bu kunda eski gina-kuduratlarni unitib, silai rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olish va shu tariqa Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga sazovor bo‘lish har bir musulmonning bayram kunlaridagi eng savobli amallari sanaladi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga xususan, ota-onalar, ustozlar, qarindosh-urug‘lar, yoru-birodarlarni, bemorlarni borib ziyorat qilish, ularga imkon darjasida hadyalar ulashish va albatta ahli oila, farzandlarni muborakbod etib, sovg‘alar bilan siylash dinimiz ko‘rsatmalaridandir.
Xulosa qilib aytganda hayit bayramining jamiyat vakillari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari hikmatlari juda ko‘pdir.
Alloh, yurtimizni tinch, yanada obod va farovon, osmonimizni musaffo qilsin. Oilalarga tinchlik, barqarorlik, qut-baraka, baxt-saodat ato aylasin va Ramazon hayitini barchalarimizga muborak qilsin!
Kiritilgan vaqti: 04/06/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 2180
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 02:44