O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!

 
 

بسم الله الرحمن الرحيم

الحمد لله رب العالمين والصلاة والسلام على أشرف المرسلين

وعلى آله وأصحابه أجمعين وبعد

Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!

Hurmatli samarqandliklar, viloyatimiz mo‘min-musulmonlari!

Muborak Ramazon oyi ham o‘z nihoyasiga yetib, barchamiz islom olamidagi eng ulug‘ bayram bo‘lmish ­– Ramazon hayitini nishonlamoqdamiz.

Joriy yilgi Ramazon oyi o‘zgacha shukuh, tarovat bilan o‘tganini barchamiz e’tirof etamiz. Masjidlarimiz taroveh namozi, Qur’oni karim qiroatlari bilan munavvar bo‘ldi. Namozxonlar har kuni ibodatlar asnosida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini so‘rab, qo‘llarini duoga ochdilar.

Xalqimiz ushbu oyda muruvvat-xayriya ishlarida katta g‘ayrat-shijoatlarini namoyish etdi. “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida istiqomat qilayotganlar, joylardagi mehr-muruvvatga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtojlar holidan xabar olindi. Ularga ko‘plab, moddiy-ma’naviy yordamlar ko‘rsatildi. Zero hadisi sharifda “Amallarning eng afzali mo‘min kishining qalbiga xursandchilik ulashishdir”, deb marhamat qilingan.

Ramazon oyida jismonan va ruhan chiniqdik, o‘zimizda komillik sifatlarini hosil qildik. Anashunday fayzu-futuhga to‘la o‘tgan Ramazon oyi xotimasi bo‘lmish Iydi Ramazonni ham o‘zgacha shukuh bilan bayram qilmoqdamiz.

Hayit bayrami – dunyodagi barcha yaxshiliklarni o‘zida mujassam etgan kundir. Bu kunda qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shnilar, yori birodarlarga mehr ulashish, yordamga muhtojlarga muruvvat qo‘llarini cho‘zish lozim. Har bir kishining bu kunda tashvishu-g‘amlarini unitib, shodu xurram bayram nishonlashiga ko‘maklashishimiz darkordir.

Ulug‘vor soatlarda ulug‘ niyatlar qilamiz: Alloh taolo jonajon yurtimizni panohida asrasin, yurtdoshlarimiz turmushini farovon qilsin. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar samara berishiga o‘zi ko‘makchi bo‘lsin. Doimiy tinchlik xotirjamlik, fayzu baraka, dasturxonimizdan to‘kinlik arimasin. Yomon ko‘zlardan, turli balo-qazolardan O‘zi saqlasin.

Ramazon hayiti barchamizga muborak bo‘sin!

Zayniddin domla Eshonqulov

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Samarqand viloyati vakili,

viloyat bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 15/06/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1776
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ramazon-hayiti-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing