O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

“QUR'ONI KARIM SURALARI VA DUOLARI FAZILATI” KITOBI YUZASIDAN XABARNOMA

 
 

Shu kunlarda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Qur'oni karim suralari va duolari fazilati” nomli kitobda “Baqara” surasidagi xatoliklar to‘g‘risidagi xabarlar keng tarqalmoqda. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston musumonlari idorasi mutaxassislari o‘rganishlar olib bordilar. Aniqlanishicha, xatoliklar asosan “Baqara” surasida yo‘l qo‘yilgan bo‘lib, oyatlardagi arabcha so‘zlar texnik ishlanmalar natijasida o‘rinlari almashib ketgan.

Kitobni nashrga tayyorlovchi Mirfathullo Qodirovning vakili-farzandi Mirodil Qodirov mazkur xatoliklar oxirgi chop etish jarayonida, ya'ni kitob maketini kompyuter dasturidan bosmaxona fayliga o‘girishdagi e'tiborsizlik oqibatida yo‘l qo‘yilganini e'tirof etdi hamda barcha mo‘min-musulmonlar va kitobxonlardan uzr so‘radi.

Ta'kidlash kerakki, mualliflardan biri sifatida qayd etilgan Tavakkal domla Kenjayev (“Eshon Boboxon” masjidi imomi) esa ushbu kitobni tayyorlash va nashr etishda mutlaqo ishtirok etmagani, balki ushbu hurmatli domlaning roziligisiz nomlari yozilgani ma'lum bo‘ldi. Nashrga tayyorlovchi mas'ullar Tavakkal domla Kenjayevdan ham yuzaga kelgan noqulayliklar uchun kechirim so‘radi.

Nashrga tayyorlovchilar “Qur'oni karim suralari va duolari fazilati” kitobini qaytarib olishni o‘z zimmasiga oladilar. Ushbu nuqsonli kitobni topshirish uchun Toshkent shahri “Chorsu” mavzesida joylashgan “Kitoblar dunyosi” majmuasidagi 10-rastaga topshirish mumkinligi ma'lum qilinadi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda yashovchi fuqarolar esa o‘zlari sotib olgan sotuvchilarga topshirishlari tavsiya etildi. O‘z navbatida, kitobning nuqsonli joyini to‘g‘rilab berish kafolatini ham nashrga tayyorlovchilar o‘z zimmalariga oladi.

Qur'oni karim – Alloh taoloning muborak Kalomi va Islom dinining eng buyuk shiori ekani nuqtai nazaridan O‘zbekiston musumonlari idorasi Qur'oni karim bilan bog‘liq matnlarni chop etishda nashriyotlar va bosmaxonalar mas'ullaridan diqqat-e'tiborni jiddiy qaratishga chaqiradi.


Kiritilgan vaqti: 14/07/2021 15:09;   Ko‘rilganligi: 1034
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/quroni-karim-suralari-va-duolari-fazilati-kitobi-yuzasidan-xabarnoma
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 04:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing