Qo‘shnichilik aloqalari mustahkamlanmoqda
Dinimizda qo‘shnilarga yaxshi munosabatda bo‘lish, qo‘shnichilik haqlariga rioya qilish muhim ishlardan hisoblanadi. Zero, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlanishida qo‘shnilarning o‘rni beqiyosdir. Hadisi sharifda: "Allohning nazdida qo‘shnilarning eng yaxshisi o‘z qo‘shnisiga yaxshi munosabatda bo‘lganidir” (Imom Termiziy rivoyati), deyilgan.
Shu kecha kunduzda biznes-forumda ishtirok etish uchun Samarqandga Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi. Mehmonlar 19-20 aprel kunlari samarqandlik rasmiylar tomonidan tantali kutib olindilar. Bu haqda viloyat hokimligining "samarkand.uz" rasmiy veb-sayti xabar bermoqda.
Sug‘d viloyati vakillari uch kunlik tashrif davomida biznes-forumda ishtirok etish bilan birga, viloyatimizdagi yirik sanoat korxonalari, fermer xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Tarixiy-madaniy obidalar, diqqatga sazovor maskanlarga sayohat uyushtiriladi.
21 aprel kuni Samarqand shahridagi “Registon plaza” mehmonxonasi hovlisida samarqandlik va sug‘dlik ishbilarmonlar ishtirokidagi biznes-forum o‘z ishini boshladi Uning tantanali ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev va Sug‘d viloyati raisi R.Ahmadzoda ishtirok etdi va nutq so‘zladi
Ta’kidlash lozimki, biznes-forumning asosiy maqsadi ikki davlatning umumiy transport-kommunikatsiyaviy imkoniyati va tranzit salohiyatidan to‘la foydalanish orqali o‘zaro tovar aylanmasi hajmini son va miqdor jihatidan oshirish, sanoat mahsulotlari milliy ko‘rgazmasini tashkil etish hisobiga tadbirkorlarimiz o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun ikki mamlakatda investorlar uchun yaratilayotgan sharoit, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, soliq va bojxona imtiyozlari haqida muhim ma’lumotlar berilib, mavjud iqtisodiy imkoniyatlar taqdimoti o‘tkazildi.
Shuningdek, mehmonlarning viloyatdagi yirik sanoat zonalari, ziyoratgohlar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlari uyushtirildi.
Ta’kidlash lozimki, tashkil etilgan biznes-forum O‘zbekiston va Tojikiston davlatlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan aloqalarni mustahkamlashdagi muhim qadamdir.
O‘MI Samarqand viloyati vakilligi
Kiritilgan vaqti: 21/04/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 1849
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 05:02