O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Prezident tashrifidan so‘ng...

 
 

Samarqand shahridagi tadbirkorlarga ko‘maklashish markazida Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqida viloyat hokimligining “samarkand.uz” sayti xabar beradi.

Viloyat hokimi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 17-18 mart kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

– Davlatimiz rahbarining tashrifi davomida hamda viloyat faollari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash, aholining taklif va tashabbuslari asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalqimiz turmush darajasini oshirish maqsadida Samarqandga qo‘shimcha 500 million dollar mablag‘ ajratildi, – dedi T.Jo‘rayev. – Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi tomonidan xalqaro moliya tashkilotlari kredit liniyalari hisobidan ajratiladigan 400 million dollar miqdoridagi mablag‘ chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilikni rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarda sanoat korxonalari tashkil qilish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, intensiv bog‘dorchilikni kengaytirish, gidroponik usuldagi zamonaviy issiqxonalar qurish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, saralash va qadoqlash korxonalari, sovutgichli omborxonalar barpo etish, qishloq xo‘jaligi uchun zamonaviy texnika va texnologiyalar sotib olishga yo‘naltiriladi.

Hozirda ushbu mablag‘ning 312 million dollariga talabgorlar bor. Yana 88 million dollarlik loyihalarni ishlab chiqish, uni amalga oshiradigan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Samarqand shahrida tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Endilikda bu yerda viloyatdagi 18 tijorat banki, tuman va shahar hokimliklari, shuningdek, loyihalarni tasdiqlash va amalga oshirishga daxldor bo‘lgan boshqarma va idoralar mas’ul xodimlari faoliyat ko‘rsatadi.

Boshqacha aytganda, tadbirkor ushbu markazga o‘z g‘oyasi yoki loyihasi bilan kelib, uni mukammal, amalga oshadigan loyihaga aylantirib, kredit oladigan bo‘lib chiqib ketadi. Bu boradagi faoliyat har haftada tahlil etilib, mazkur Matbuot markazi orqali ommaviy axborot vositalariga yetkaziladi.

Bundan tashqari, viloyat hokimi Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasiga 50 million dollar hamda viloyatda tashkil etiladigan 17 kichik sanoat zonasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga 50 million dollar mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi.

T.Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasiga beriladigan 50 million dollar viloyat tuman va shaharlaridagi kommunal xo‘jaliklardagi muammolarni bartaraf etish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini yangilash, ko‘p qavatli uylardagi sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni ta’mirlash kabi maqsadlarga yo‘naltiriladi. Ayni paytda barcha tuman va shaharlar hokimliklari, mutasaddi idoralar tomonidan bu borada amalga oshiriladigan ishlar loyihalari tayyorlanmoqda.

***

Viloyat hokimi Prezidentimiz tashrifi chog‘ida Pastdarg‘omda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida 146 band bo‘yicha belgilangan 260 dan ortiq topshiriq ijrosi haqida ham ma’lumot berib, ushbu vazifalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi viloyat iqtisodiyotini mustahkamlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, eng muhimi, viloyat aholisi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Matbuot anjumanida viloyat hokimi hamda mutasaddi idoralar rahbarlari jurnalistlar va tadbirkorlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.

Ishtirokchilar tadbirkorlarga ko‘maklashish markazida yaratilgan sharoit bilan tanishdi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 02/04/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1115
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/prezident-tashrifidan-song
Chop etilgan vaqti: 26/09/2020 16:20
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing