Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Huseyn Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Huseyn boshchiligidagi delegatsiya 22 iyun kuni Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni viloyat mutasaddilari hamda Imom Buxoriy jome masjidi imom xatibi Z.Eshonqulov kutib oldi.
Hadis ilmining sultoni, muhaddislar imomi qo‘nim topgan muqaddas dargohga kelar ekan, oliy martabali mehmon, dastlab, Buxoriy hazratlarining qabrini ziyorat etib, u kishiga bo‘lgan yuksak ehtiromini namoyish etdi.
So‘ng majmua tarixi bilan tanishib, uning mustaqillikdan oldingi va keyingi holatlari haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan tingladi. Ayniqsa, so‘ngi yillarda olib borilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari borasida fikr bildirib, o‘zining tahsinini, mutasaddilarga nisbatan chuqur minnatdorchiligini bildirdi.
Dunyo ahli tan olgan buyuk peshvoga ko‘rsatilayotgan davlat darajasidagi e’tibordan behad shodlangan Mamnun Huseyn hazrati oliylari majmuani ziyorat qilar ekan, milliy memorchilik san’ati bilan yo‘g‘rilgan koshinli ayvonlarni, mahobatli maqbarani, serfayz hovliyu, salobatli masjidni ko‘rib, O‘zbekistonda olib borilayotgan diniy sohadagi e’tiborga yuksak baho berdi.
Tashrif so‘ngida musulmon olami e’tirof etgan ko‘plab ulamolarga beshik bo‘lgan O‘zbekiston bugungi kunda ham ota-bobolari izidan borib, islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shayotgani, dunyo hamjamiyatida ham munosib o‘rin topib borayotganini ta’kidlab, bu diyor va uning xalqiga porloq kelajak tilab qoldi.
Ketish olidan yuqori martabali mehmon Imom Buxoriy jome masjid imom xatibi Z.Eshonqulovga Qur’oni karim kitobini sovg‘a qildi va majmua hovlisidagi tarixiy chinorlar ostida tashrif kitobiga o‘zining ezgu tilaklarini yozib qoldirdi.
Imom Buxoriy jome masjidi
imom xatibi Z.Eshonqulov
Kiritilgan vaqti: 23/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 5598
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 05:38