O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Payg‘ambarimiz (alayhi salom)ning tuyalari cho‘kkan muborak joy

 
 

Qubo masjidi Islom tarixida taqvo asosiga qurilgan ilk masjid bo‘lib, Alloh azza va jalla bu haqda Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: 

«Yana shundaylar ham borki, ular (mo‘minlarga) zarar yetkazish, kufr, mo‘minlar orasiga tafriqa solish va oldin Alloh va (Uning) Rasuliga qarshi urushgan (bir) kishiga ko‘z tutish uchun masjid qurib oldilar. Yana: “Faqat (bundan) yaxshilikni istagan edik”, deb qasam ham ichadilar. Alloh guvohlik beradiki, ular, albatta, yolg‘onchilardir! (Ey, Muhammad!) zinhor (Siz) unda (namoz o‘qish uchun) turmang! Birinchi kundan taqvoga asoslangan masjid esa, unda turishingizga loyiqroqdir. Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevar» (Tavba surasi, 107–108-oyatlar).

Ushbu oyatlar bu masjidning ulug‘ligi, xayru-barokati va boshqa masjidlarga qaraganda afzal ekanini anglatadi. Hadisi sharifda: “Kimki uyida tahorat olib, Qubo masjidiga borsa va unda ikki rakat namoz o‘qisa, umra qilganning ajrini oladi”, deyiladi.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) shanba kuni piyoda va ulovga mingan holda Qubo masjidiga borar edilar”.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qubo masjidi qiblasi poydevoriga asos solganlar. Masjid qurilib bitkazilgach, jamoat bilan namoz o‘qishni boshlab berganlar.

Qubo masjidi Madinai munavvaraning janubiy-g‘arbiy qismida, harami nabaviydan 3–5 km. uzoqlikda joylashgan. Uning minorasi va marmardan ishlangan mehrobi bo‘lib, masjidda sahoba Abu Ayyub Ansoriyga tegishli quduq, shuningdek, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning joynamozlari mavjud bo‘lgan. Mazkur masjid Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) tuyalari cho‘kkan muborak joy sanaladi.

Habarngiz bor, ko‘p sonli yurtdoshlarimiz yaratib berilayotgan sharoitlardan unumli foydalangan holda “Umra” ziyoratini ado etish baxtiga muyassar bo‘lmoqdalar. 20 dekabr kuni ushbu mo‘tabar safarga yo‘l olgan Samarqandlik ziyoratchilar Madinai Munavvara shahridagi “Masjidun nabaviy”, “Qubo”, “Qiblatayin” kabi masjidlar “Uhud tog‘i” va uning etagidagi “shahidlar qabiristoni”, “Baqiy” qabiristonlarini ziyorat qilmoqdalar. Shuningdek, ziyoratchilarimiz Makkai Mukarrama shahrida bo‘lib, Umra ibodatini ham ado etadilar. Alloh taolo qilgan ibodatlaringizni maqbul qilsin.

O‘MI - Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmiti


Kiritilgan vaqti: 26/12/2019 10:58;   Ko‘rilganligi: 4880
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/paygambarimiz-alayhi-salomning-tuyalari-chokkan-muborak-joy
Chop etilgan vaqti: 13/05/2024 11:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing