O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Paxta-milliy boyligimiz

 
 

Diyorimizda oltin kuz fasli o‘zining o‘zgacha jilosi bilan boshlandi. Azal-azaldan ushbu davr pishiqchilik, mo‘l hosilni yig‘ish va sarflangan mehnat samarasini ko‘rish mavsumi hisoblanadi. Sentyabr oyidan boshlab oq oltin, ya'ni rizqu ro‘zimiz bo‘lgan paxta hosilini terish ishlariga uyushqoqlik bilan kirishiladi.

Dono xalqimizda “Hashar – elga yarashar” deyilgan. Shunga binoan har birimiz dalalardagi hosilni uvol qilmasdan yig‘ish ishlarida o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz zarur. Zero Alloh subhanahu va taolo Qur'oni karimning “Moida” surasi, 2-oyatida: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida bir-birlaringizga yordam beringiz!” deb marhamat qilgan.

Shunday ekan, har bir mehnatga yaroqli katta-yu kichik bu ishga bir yoqadan bosh chiqarib, bir maqsad yo‘lida birlashib, fidokorona kirishmog‘i lozimdir. Nuroniy otaxonu onaxonlar ham duo-yu xayrlari bilan dehqonlar va mehnatkashlarni bu ishga rag‘batlantirib turmog‘i, saxovatpesha insonlar hamda ma'naviy va madaniy soha egalari esa xasharchilarning holidan xabar olish moddiy va ma'naviy ko‘mak berish ularning ko‘ngillarini ko‘tarib dillariga quvonch ulashib charchoq xordig‘ini chiqarishlikda beg‘araz yordamlari bilan paxtakorlarga kamarbasta bo‘lishlari maqsadga muvofiqdir.

Shunday ekan, o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi bu yilgi paxta yig‘im terim mavsumida ham barcha imom-xatiblarimiz o‘z so‘zlari bilan halqimizni ommatan paxta yig‘im terimiga undashlik bilan bir qatorda paxta dalalaridagi terimchilarga moddiy va ma'naviy jihatdan yordam berishga qattiq bel bog‘laganlar. Jumladan, 16 oktyabr kuni  viloyatda jamoat va diniy tashkilotlar bilan ishlar bo‘yicha hokim o‘rinbosari D.Mamatqulov hamda viloyat bosh imom-xatibi Z.Eshonqulov boshchiligida Kattaqo‘rg‘on, Samarqand bosh imom-xatibi N.Islamov boshchiligida Pastdarg‘om va Samarqand shahar “Ruhobod” jome masjidi imom-xatibi T.Amirov boshchiligida Oqdaryo tumanlarida paxta terimiga jonkuyarlik bilan ishtirok etayotgan fidoiy fuqarolar qimmatbaho sovg‘a-salomlaru kiyim-kechaklar bilan rag‘batlantirildi. Qolaversa, ularga yurt rivoji yo‘liga o‘z hissasini qo‘shmoqlik qanchalik savobli va xayrli ish ekanligi haqida tushuntirishlar va nasihatlar qildilar hamda Alloh taolodan bu xayrli ishlarda ularga kuch-quvvat va sabr-toqat so‘rab duoi-xayrlar qildilar.

Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘zlarining hadisi shariflarida “Bir yaxshilikka dalolat qilgan inson o‘sha yaxshilikni qilgan kabidir”- deganlar. Insha Alloh diniy soha xodimlari nafaqat shu yilgi, balki, har doim ham milly boyligimiz bo‘lgan paxta yig‘im-terimida faol ishtirok etib, yurtimiz rivojiga fidokorona o‘z hissalarini qo‘shadilar.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi


Kiritilgan vaqti: 17/10/2019 15:58;   Ko‘rilganligi: 7980
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/paxta-milliy-boyligimiz
Chop etilgan vaqti: 21/02/2024 04:50
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing