O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ozodlikka chiqqanlar bilan suhbat o‘tkazildi

 
 

Mamlakatimizda ulug‘ ayyom va sanalar arafasida insoniylikning oliy namunalaridan avf amallarini qo‘llash an'anaga aylanib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan mahkumlarni ozodlikka chiqarish haqidagi farmonlarga imzo chekishlari bu xayrli ishlarning yaqqol ifodasidir.

Ana shunday ozodlikka chiqarilib, oila a'zolari bag‘riga qaytgan insonlardan biri Tayloq tumani Gulobod mahallasida yashovchi fuqaro I.Sayfullayevdir. Tuman bosh imom-xatibi Bekmurod domla Ismoilov mazkur fuqaro bilan dildan suhbat o‘tkazdi. Fuqaro I.Sayfullayev 2005 yil ekstremistik tashkilot hisoblangan “Hizbut-tahrir”ga a'zo deb topilib ozodikdan mahrum etilgan edi. Prezidentimizning oliyjanob siyosati bilan 2018 yil ozodlikka chiqarilgan.

Bekmurod domla Ismoilov jami 13 yil umrini jazoni ijro etish muassasasida o‘tkazib, ozodlikka  chiqqan I.Sayfullayevning nadomati, havoga sovurilgan umrining besamar yillari uchun chekkan  anduhiga quloq tutdi...

Ota-onam, oilam va farzandlarim bag‘riga qachon qaytishimni aniq bilmasdim, Prezidentimizga rahmat, bizga hayotda o‘z o‘rnimizni topishimiz uchun yana bir imkoniyat berdi. Qolaversa, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘rsatayotgan beminnat yaxshiliklari meni vatanga, xalqimga bo‘lgan muhabbatimni yanada oshirmoqda. Qilgan ishlarimdan pushaymonman, qilmishim qanday oqibatga olib borishini kech angladim – deydi I.Sayfullayev ko‘zlarida pushaymonlik yoshlari bilan.

Ha azizlar! Gap ozodlikka qaytgan yurtdoshlarimizning qamoqdan keyingi hayoti to‘g‘risida ketmoqda ekan, ularning odamlarga qo‘shilib, katta hayotga, jamiyatga ko‘nikishlari uchun ularni begonadek ajratib qo‘ymasdan, har tomonlama ko‘maklashish muhim hisoblanadi. Bekmurod domla Ismoilov fuqaroga hozirgi tinch-totuv, farovon hayotga shukronalar aytish, berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, xalqimiz osoyishtaligi uchun o‘z hissasini qo‘shish kabi insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam etishi haqida o‘z nasihatlarini berdi. I.Sayfullayevning keyingi hayoti farovon, oilasi tinch-totuv bo‘lishi, xayrli ishlarda bardavom bo‘lishini so‘rab duoi-xayrlar qildi. Bunday insonlarning ko‘ngillarini xushnud etish kabi xayrli ishlar joylardagi barcha imom-xatiblarimiz tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Alloh taolo shu kabi xayrli ishlari uchun diniy soha xodimlarimizga O‘z ajru-mukofotlarin bersin.

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati 


Kiritilgan vaqti: 04/07/2020 15:08;   Ko‘rilganligi: 797
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ozodlikka-chiqqanlar-bilan-suhbat-otkazildi
Chop etilgan vaqti: 17/04/2024 02:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing