O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4802-sonli Qarorining qabul qilinganiga bir yil bo‘ldi
Bundan roppa-rosa bir yil avval, 2020 yil 11 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4802-sonli Qarori qabul qilingan edi.
Moturidiylik ta'limoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma'naviy va ma'rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta'sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish kabi bir qator vazifalar mazkur qarorning asosiy maqsadi sifatida belgilab qo‘yilgan.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotini tizimli hamda ilmiy asosda o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratdi. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi qarorda ko‘rsatilgan muhim va dolzarb vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida bir qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, Markaz ilmiy jamoasi tomonidan to‘qqiz oylik faoliyat davomida 30 dan ziyod kitob va risolalar tayyorlandi. Jumladan, Imom Moturidiyning “Ta'vilot al-Qur'on” asarining 29, 28 va 27-juzlari o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjima qilindi, “Kitob at-tavhid” asari esa Kembridjda saqlanayotgan yagona qo‘lyozma nusxa asosida tahqiq qilinib, o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi amalga oshirilmoqda.
Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotini xalqaro jamoatchilikka keng targ‘ib qilish maqsadida Markaz Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (ICESCO), Anqara universiteti, Saljuq universiteti, Qozog‘iston fikr diniy amaliy tadqiqotlar markazi kabi xorijiy muassasalar bilan Anglashuv memorandumi va Kelishuv shartnomalarini imzoladi, jahonning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari ishtirokida 20 dan ziyod ilmiy seminarlar tashkil etildi, “Imom Moturidiy ta'limoti va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium, jahonning 23 nafar yetakchi islomshunoslari a'zo bo‘lgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Xalqaro ilmiy hay'atining yig‘ilishi o‘tkazildi. Televideniye va radioda 30 ga yaqin chiqishlar tashkil qilindi, ijtimoiy tarmoqlarda 1700 dan ziyod material e'lon qilindi. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan mahalliy va xalqaro jurnallarda 100 dan ziyod maqola chop etildi. 100 ga yaqin ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi xalqaro jamoatchilikning yuksak e'tirofiga sazovor bo‘ldi. Xalqaro miqyosdagi davlat va jamoat arboblari mazkur Markaz nafaqat O‘zbekistonda, balki butun jahonda moturidiylik ta'limotiga oid tadqiqotlarning markaziy o‘qiga aylanishini, mo‘tadil islom ta'limotini keng targ‘ib qilishda alohida o‘rin tutishini ta'kidlab o‘tdilar.
O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati
Kiritilgan vaqti: 11/08/2021 11:28; Ko‘rilganligi: 959
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 02:47