O‘ZBEKISTON MUSULMONLARI IDORASI ULAMOLAR KENGASHI BYOYONOTI (2022 yil 17 noyabr)
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa behad hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga mukammal va batamom salavotu salomlar bo‘lsin.
Muhtaram yurtdoshlar!
Alloh taolo insonni yerdan yaratar ekan, uning zimmasiga yana shu qaytadigan joyi – yerni obod qilish vazifasini yukladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo‘ydi” (“Hud” surasi 61-oyat). Boshqa oyati karimada: “Yerni yaroqli qilib qo‘ygandan keyin unda buzg‘unchilik qilmangiz!” (“A'rof” surasi 56-oyat), deb keltirilgan. Alloh taolo ushbu ikki oyati karimada yer va uni o‘rab turgan tabiatni asrab-avaylashga, undan oqilona foydalanishga buyuradi. Shuning barobarida unga zarar yetkazishning har qanday turidan qaytaradi.
Yer va undagi barcha ne'matlarni kelajak avlodga sof holatda yetkazish har bir inson oldidagi muhim vazifalaridandir. Ayniqsa, bu imon-e'tiqodli kishilar qalbida ulkan mas'uliyat hissini oshiradi.
So‘nggi yillarda jahonda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq global muammolar, afsuski, yurtimizni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Ro‘y berayotgan chang-to‘zonlar, shuningdek, yog‘ingarchilikning kamayib yoki ko‘payib ketayotgani so‘zimiz tasdig‘idir. Bu holat har bir aqli raso kishini befarq qoldirmasligi turgan gap.
2022 yil 11 oktyabr kuni Prezidentimiz mahallalarni obod qilish va aholini o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ushbu dolzarb masalaga alohida to‘xtalib, daraxt havas bilan ekilishi, xalqimiz, mahallalarimizning madaniyatiga aylanishi lozimligini ta'kidladilar.
Prezidentimizning jonkuyarlik bilan aytgan bu so‘zlari – ayni haqiqat. Chunki so‘nggi paytlarda aholi orasida atrof-muhitga bepisand, loqayd qarash hollari kuzatilmoqda. Bunday holatlar tobora ko‘payishi natijasida global ekologik muammolar yuzaga kelmoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Islom dini doimo poklik va ozodalikka chaqiradi.
Avvalo, qalbdan boshlangan poklik ruhu tanimizni, atrof-muhit – yashab turgan vatanimizni ozoda saqlashga chorlaydi. Zero, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Poklik imonning yarmidir”, – deb, bejiz aytmaganlar (Imom Buxoriy va Imom Molik rivoyati). Boshqa hadisi sharifda: “Uylaringiz atrofini pok tutinglar”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Tabaroniy rivoyati). Yuqoridagi hadislardan ma'lum bo‘ladiki, atrof-muhit pokligi qalb pokligi bilan bevosita uyg‘undir.
Uylarimiz atrofi, ariqlar, ko‘chalar, qabriston va uning atrofini hashar yo‘li bilan tozalash, bo‘sh joylarga ko‘chat ekishdek go‘zal odat qadimdan xalqimiz orasida urf bo‘lib kelgan. Ammo taassufki, so‘nggi paytlarda yurtdoshlarimiz bu qadriyatlardan uzoqlashayotgandek go‘yo.
Shu bois, Davlatimiz rahbari bu masalaga mahalla faollari, nuroniylar, ulamolar, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikni e'tibor qaratishga da'vat etib, barchaning zimmasidagi muhim vazifani shunday bayon etdilar: “Albatta, bunday muammolarni faqat ma'muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin. Mahallada, ko‘chalarda chiqindi tashlagan kishini ko‘rganda “bu ishingiz noto‘g‘ri bo‘ldi”, deydigan muhitni shakllantirishimiz, odamlarni bunga o‘rgatishimiz kerak. Bu – hammamizning ishimiz va insoniy burchimizdir”.
Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Sa'd roziyallohu anhuga: “Hatto oqib turgan daryoda bo‘lsang ham, suvni isrof qilma!” deb qilgan nasihatlari bugungi kunda ayni dolzarb masala bo‘lib turibdi. Ota-bobolarimiz ushbu hadisga yillar davomida amal qilib kelishgan. Biz ham ushbu hikmatga, avvalo o‘zimiz rioya qilishimiz, qolversa, o‘sib kelayotgan yosh avlodga go‘zal tarzda o‘rgatishimiz kerak.
Atrof-muhitni pokiza saqlash ham bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar: “Uchta joyga: suv o‘zanlariga, serqatnov yo‘llarga hamda soya-salqin yerlarga axlat tashlab, la'natga qolishdan qo‘rqinglar” (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati).
Biroq bugun bu hadisga amal qilmaydigan, la'natdan qo‘rqmaydigan odamlar ham uchrab turgani kishini mahzun qiladi.
Suv – hayot manbai hisoblanib, inson u bilan tirik. Hatto tanamizning aksar qismini aynan suv tashkil qilishi hammaga ma'lum. Uni iflos qilish tabiatga nisbatan xiyonatdir. Yo‘llar va soya-salqin joylar barcha insonlarning haqqi bo‘lib, ularning hukmi ham suv kabidir. Demak, suvni asragan kabi soya – daraxtlarni ham himoya qilish lozim.
Qur'oni karimda tabiat hodisalari haqida kelgan 750 ga yaqin oyatlar insonni mulohaza va tafakkurga undaydi.
Ulug‘ allomalar asarlarida ham atrof-muhitga oid bir qator masalalar bayon etilgan. Abu Ali Ibn Sino “Tib qonunlari” asarida atrof-muhitning inson salomatligi va ruhiyatiga ta'sirini ochib bergan. Amir Temur bo‘z yerlarni o‘zlashtirgan kishilar yoki bog‘ qilganlarni rag‘batlantirgan. Alisher Navoiy esa tabiatga xiyonatni do‘stga xiyonat qilishga qiyos qilgan. Uning nazdida tabiat va do‘st bir ma'noni anglatgan.
Sayyoramizda sodir bo‘layotgan ko‘plab texnogen holatlar, jumladan, atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar sabab iqlimning keskin o‘zgarishi, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanmaslik oqibatida daryo va dengizlarning qurishi butun dunyoni tashvishga solmoqda.
Alloh taolo Qur'oni karimdagi “Rum” surasi 30-oyatida shunday xitob qiladi: “Odamlarning qilmishlari tufayli quruqlik va dengizda buzg‘unchilik paydo bo‘ldi. Bu ularning (o‘z qilmishlaridan) qaytishlari uchun qilgan ba'zi (yomon) ishlari (jazosi)ni ularga tottirish uchundir”.
Demak, qurg‘oqchilikning ko‘payishi, dehqonchilikdan barakaning ko‘tarilishi, turli kasalliklarning tarqalishi hamda o‘t, suv balosi kabi tabiiy ofatlar insonlarning qilmishlariga yarasha ogohlantirish hisoblanadi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Musulmon kishi tabiatga ham ozor bermaydi. Balki uni obod qilish, ko‘kalamzorlashtirish payida bo‘ladi. Bu tashabbus hukumat darajasida ilgari surilayotgani masalaning jiddiyligiga dalolatdir.
Ma'lumki, 2021 yil noyabr oyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi e'lon qilinib, 200 million tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Bunga muvofiq, kuzda 85 million dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi.
Mazkur yig‘ilishda Prezidentimiz: “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emas. Uning doirasida kelgusi besh yilda 1 milliard tup daraxt ko‘chatini ekishni maqsad qilganmiz. Bu umummilliy harakatning natijasi har bir mahallada ko‘rinishi kerak, bu savobli ishni havas bilan qilish kerak”, – deb ta'kidladilar.
Haqiqatda, xayrli, ezgu, savob amallar uzluksiz amalga oshirilishi zarur.
Yaqinda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bu yil yakunigacha 75 million dona, kelgusi yil bahor oylarida yana 125 million dona mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi. O‘tgan yilgi tajribadan kelib chiqib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha ko‘chat ekish bo‘yicha “dolzarb 40 kunlik” e'lon qilindi.
Dinimiz ham bunday xayrli tashabbusga xayrixoh bo‘lib, ko‘kalamzorlashtirish ishlariga keng targ‘ib qiladi. Hatto urush paytida ham daraxtlarni sababsiz kesmaslik, obod joylarni vayron qilmaslikka buyurilganimiz atrof-muhit muhofazasiga e'tiborning yuksak ko‘rinishi emasmi?!
Yerga ishlov berish va ko‘chat o‘tqazish savobi ulug‘ amallardan.
Qur'oni karimda daraxt va ekishga oid so‘zlar jami o‘ttiz ikki o‘rinda kelgan. Islom dini dehqonchilikka alohida e'tibor qaratganidan uning foydasini egasiga doimiy yetib turadigan yaxshiliklar – sadaqai joriya qatoriga qo‘shgan.
Hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim biror o‘lik yerni tiriltirsa, ya'ni obod etsa, unga shunda ajr bordir. Shuningdek, undan biror jonzot yegan narsada unga sadaqa (savobi) bordir”, dedilar (Imom Dorimiy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Qaysi bir musulmon daraxt yo ekin eksa-yu, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, albatta, shu sababli u uchun sadaqa bo‘lur”, deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ko‘chat ekish haqida gap ketarkan, uning ahamiyatini Imom Buxoriy bobomiz rivoyat qilgan hadisi shariflardan bilib olamiz.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Agar Qiyomat qoim bo‘lsa-yu, qay biringizning qo‘lida bir dona xurmo ko‘chati bo‘lsa, Qiyomat qoim bo‘lguncha uni ekishga qodir bo‘lsa, uni ekib qo‘ysin”, - deganlar.
Qiyomat boshlangan bo‘lsa, ekin ekishning nima foydasi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Bu savolga Usmon ibn Affon roziyallohu anhu keksalik yoshida ham ko‘chat ekayotgan kishiga qarab: “Qiyomat qoim bo‘lganda obod qiluvchilar qatorida bo‘lib o‘lish yaxshiroqdir”, - degan gaplari javob bo‘ladi.
Bundan kelib chiqadiki, shu aziz yurtning fuqarosi bo‘lgan har bir mo‘min-musulmon “Yashil makon” umummilliy tadbiri doirasida daraxt ekib, ko‘chat o‘tqazib, o‘zi yashab turgan shaharu qishlog‘ini, mahallasini obod qilishda faol bo‘lishi lozim. Bu bizga ikki karra yutuq bo‘lib, avvalo, yurtimiz obod bo‘ladi, shaharu qishloqlarimiz qiyofasi ko‘rkamlashadi. Shuningdek, bunday xayrli ishlarimizning savobi sadaqai joriya sifatida amal daftarimizga yozilib turadi, inshoalloh.
Muhtaram yurtdoshlar!
Alloh taolo barchamizni poklikka intiluvchi, bilganlariga amal qiluvchi, jismu imoni, uy-joyi – Vatanini toza tutuvchi, bog‘u rog‘lar o‘stiruvchi va Yer yuzini obod qiluvchilardan qilsin!
Bu ishlarimiz qiyomatgacha sadaqai joriya bo‘lishini nasib aylasin! Omin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ulamolar Kengashi,
2022 yil 17 noyabr
Kiritilgan vaqti: 18/11/2022 10:02; Ko‘rilganligi: 773
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 08:04