O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

O‘zaro hamkorlik hamjihatlik omili

 
 

O‘z kalomida "Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling" ("Moida" surasi, 2-oyat), deya marhamat etgan Yaratgan zot, ushbu xitobi bilan bandalariga ko‘plab yaxshiliklarni iroda etgan. O‘zaro yordam ijtimoiy hayotni yuqori darajaga ko‘taradi, jamiyat a’zolarining farovonligini oshiradi, ularning qayg‘u-alamlarini yengillashtiradi. Hamkorlik har bir shaxs va har bir jamiyatning baxtiyor bo‘lishi uchun zarur omillardan biri bo‘lib hisoblanadi.

Yuqorida zikr etilgan ana shunday xayrli ishlar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand va Jizzax viloyati vakilliklari o‘rtasida amalga oshirildi.

2017 yil 29 iyun kuni Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida 10dan ziyod viloyatning ko‘zga ko‘ringan imomlari, shahar va tuman bosh imom xatiblari o‘zaro tajriba almashish, hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish maqsadida qo‘shni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdilar.

Mehmonlarni Jizzax viloyati bosh imom xatibi Mehmonali Jabborov hamda Zomin tumani bosh imom xatibi Abror Ravshanov kutib oldi.

Safar davomida mehmonlarga viloyatda olib borilayotgan diniy sohadagi o‘zgarishlar, erishilgan yutuqlar, vakillik va imom xatiblar tomonidan amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar, masjidlardagi qayta qurish va obodonlashtirish jarayonlari borasida batafsil ma’lumot berildi.

Aholi bilan uchrashuvlar, jamoat tashkilotlari, mahallalar, ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan tadbirlar va ularning amaliy natijalari diqqat bilan tinglandi. Mehmonlar tomonidan viloyatda diniy sohada ko‘plab yutuqlarga erishilgani, tahsinga sazovor ishlar amalga oshirilgani e’tirof etildi.

Tashrif asnosida Jizzax viloyati bosh imom xatibining taklifi bilan mehmonlar milliy me’morchilik va zamonaviy arxitektura uyg‘unligida qaytadan qad rostlagan Jizzax shahridagi "Xo‘ja Nuriddinhoji" hamda Zomin tumani markazidagi "Ma’rifatli" jome masjidiga keldilar. Mustaqillik sharofati hamda yurtimizda diniy sohaga berilayotgan yuksak e’tibor, ayniqsa ushbu e’tiborning so‘ngi paytlarda tobora ortib borayotganining timsoli sifatida qad rostlagan ushbu ikki masjid, o‘zining savlati, fayzi bilan mehmonlarda o‘zgacha taassurot uyg‘otdi. Keng va yorug‘ xonaqo, hashamli koshinkor ayvonlar, serfayz hovli, kutubxona, anjumanlar zali, ma’muriyat xonalari, zamonaviy tahoratxona bularning barchasi yuqori sifat va yuksak san’at asosida olib borilgan bo‘lib, namozxonlarning to‘kis ibodat qilishlari, ilm-ma’rifatlarini oshirishlari uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Samarqand ulamolari masjidni ko‘zdan kechirar ekanlar barcha mutasaddilarga, me’morlarga, homiylarga o‘zlarining chuqur minnatdorchiliklarini bildirib, haqlariga duoi xayrlar qildilar.

Shuningdek, Zomin tumanidagi ikkita qabristonga ham kirilib, Qur’oni karim tilovat qilindi. Tilovat savobi qabristonda yotgan barcha marhum va marhumalar ruhiga bag‘ishlandi. Ta’kidlash lozimki, har ikki qabristonda ham obodonlashtirish ishlari olib borilgan bo‘lib, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Safar nihoyasida har ikki taraf ham tashrif o‘ta samarali bo‘lgani, bu viloyatlar o‘rtasida hamkorlikning debochasi ekani, kelgusida birgalikda ko‘plab ishlar amalga oshirilishini ta’kidladilar.

Ketish oldidan Jizzax viloyati bosh imom xatibi M.Jabborov tashrif uchun mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. O‘z navbatida Samarqand viloyat bosh imom xatibi Z.Eshonqulov samimiy mehmondo‘stlik uchun tashakkur bildirib, Jizzax viloyati imom xatiblarini Samarqandga taklif etib qoldi.

O‘MI Samarqand viloyati vakilligi


Kiritilgan vaqti: 29/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2918
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ozaro-hamkorlik-hamjihatlik-omili
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing