Oylarning sultoni Ramazon muborak bo‘lsin!
2019 yil 1 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori matbuotda e'lon qilinib, unda: Joylarda Ramazon oyining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insoniylik, ma'naviy poklik, shukronalik fazilatlarini e'zozlash, hozirgi tinch va farovon hayotimizning qadriga yetish, odamlarni bir-biriga yaxshilik qilish, ahil va hamjixat bo‘lib yashashga da'vat etadigan hamda ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan ma'rifiy tadbirlar va targ‘ibot ishlarini tashkil etishga;
Muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulug‘lovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarda mehr-oqibat va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning ziyoratgohlarini, qabristonlarni obodonlashtirishga qaratilgan tadbirlarni yanada kuchaytirishga alohida ahamiyat berilishi belgilangan.
Islomning besh ustunidan biri bo‘lmish ro‘za tufayli ro‘zadorda ruhiy axloqiy poklanish bo‘ladi. Ramazonda shaytonlar kishanlanadi, insonni yomonlikka chorlovchi vasvasalari cheklanib, kishilarga o‘zlarini tarbiyalashga imkon beriladi. Binobarin, bu oyda qilingan gunohning jazosi qattiqroq bo‘ladi. Shu bois, hadislarda Ramazonda barcha axloqsizliklardan, gunohlardan poklanishga qattiq targ‘ib qilingan. Hatto, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on gapirishni va unga ko‘ra amal qilishni qo‘ymasa, uning taom va ichimligini tark etishiga Allohning ehtiyoji yo‘q”, deganlar. Bu hadisni Imom Buxoriy, Abu Dovud va Ibn Mojalar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Ramazon tinchlik elchisi, go‘zal axloq va yaxshi odob fursatidir. Birov bilan tortishish, janjallashish asli yaxshi ish emas. Ramazonda bunday amallardan yanada uzoqroq bo‘lish, hatto birov so‘ksa ham, haqorat qilsa ham, unga ro‘zadorligini aytishdan boshqa javob qaytarilmaydi.
Imom Buxoriy va Nasoiy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon birortangizning ro‘za tutgan kuni bo‘lsa, shahvoniy so‘z va amallarni qilmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa: “Men ro‘zador kishiman”, desin”, deganlar.
Sahardan shomgacha yeb-ichishdan tiyila olgan odamda sabr-qanoat tuyg‘usi ortadi, irodasi mustahkamlanadi. Irodali, sabrli insonlar xotirjam bo‘lishadi. Xotirjam kishilar tillarini g‘iybatdan, behuda gap-so‘zlardan tiyadi. Ko‘ngillaridan hasadu g‘arazni, gina-kuduratni haydaydi. Odamlarga e'tiborli, rahm-shafqatli bo‘lishga intiladi. Shu sababdan ham Ramazon oyi nomiga ma'rifat, mag‘firat, tinchlik, xotirjamlik, sabr oyi kabi sifatlar qo‘shib aytiladi. Bu oyda o‘zaro ahillik, totuvlik, bag‘rikenglik tuyg‘ulari kuchlanadi. Hamjihatlik va hamkorlikka intilish ortadi.
Ramazon saxovat oyidir. Ramazonda xususan sadaqa va xayru ehsonlarning savobi yanada ko‘p va ajri ulug‘ bo‘ladi. Shu bois, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda har doyimgidan ham ko‘ra ko‘proq saxovat qilar edilar, hatto, Ibn Abbos roziyallohu anhumoning ta'biri bilan aytganda, erkin shamoldan ham saxovatli bo‘lib ketardilar. Shuning uchun ham musulmonlar qadimdan zakot ibodatini Ramazon oyida ado etishga odatlanishgan.
O‘zbeksiton musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakilligi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali, imom xatiblar va saxovat pesha insonlar hamkorlikda viloyatimizdagi ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlar va bemorlar holidan xabar olish, Saxovat, Mehribonlik va Muruvvat uylari, maktab internatlari tarbiyalanuvchilariga o‘ttiz kun mobaynida xayr-ehson qilish, sovg‘alar ulashishni rejalashtirgan. Qolaversa, Ramazon oyi tadbirlari bilan hamohang holda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xonadoniga borib, ularni bayram bilan tabriklash, esdalik sovg‘alari topshirish ishlari ham boshlab yuborildi.
Alloh taolo Qur'on, taqvo, mehr-shafqat, saxovat oyi bo‘lmish ramazon oyini barchamizga muborak qilsin! Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo aylasin!
Kiritilgan vaqti: 06/05/2019 00:00; Ko‘rilganligi: 2049
Chop etilgan vaqti: 26/03/2025 17:21