O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Ota-ona duosi

 
 

Islom dini ta'limotlarida yosh avlodni ota-ona duosini olishga targ‘ib qilinadi. Solih farzand uchun ota-ona duosidan yaxshiroq narsa bo‘lmasa kerak.

Alloh taolo marhamat qiladi: «Robbing faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt! Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahm qilgin», deb ayt» (Isro surasi 23-24 oyat). Allohga ibodat va ota-onaga yaxshilik qilishning yonma-yon zikr etilishi ham ota-ona haqi naqadar ulug‘ va muhim ekanidan dalolat beradi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qiladilar: “Uch narsa borki, kimda u bo‘lsa, Alloh taolo rahmat qanotini yozadi va jannatga kirgizadi. Zaifga mehribon bo‘lish, ota-onaning duosini olish, qo‘l ostidagilarga yaxshilik qilish”.

Qariyalarni hurmat qilish, duolarini olish milliy qadriyatlarimizning bir bo‘lagidir. Ular sababli oilada fayz-baraka ziyoda bo‘ladi va Alloh taolo bizlarni turli balo-ofatlardan asraydi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar orangizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar selday oqib kelar edi”.

 

Abdurauf Yorbekov,
Xovos tumani “Abu Hanifa” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 11/02/2021 13:32;   Ko‘rilganligi: 3635
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/ota-ona-duosi
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 16:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing