O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Oqim tarafdori deyilgan imom noibi aslida boshqa kasb egasi bo‘lgan

 
 

31 oktyabr kuni rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlarda “Jihodchilar” tarafdorlari faoliyatiga chek qo‘yildi” sarlavhali xabar e'lon qilindi. Unda yozilishicha, Qashqadaryo viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan o‘tkazilgan tadbirda “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Aniqlanishicha, ular “Jihodchilar” oqimi g‘oyalari yo‘g‘rilgan audio-video ko‘rinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan hamda hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgan.

Mazkur xabarga ko‘ra, guruhning 12 nafar a'zosi orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar borligi aytilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddi idoralar bilan olib borgan muloqotlari natijasida, ushbu xabarda guruh a'zolari qatorida keltirilgan masjid imom noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma'lum bo‘ldi.

Ta'kidlash joizki, bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etmoqdalar.
O‘z navbatida, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi, shuningdek, Islom dini ta'limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta'kidlaymiz.

Xalqimiz, ayniqsa yoshlarni Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali din niqobidagi shaxslarni jihod, hijrat tushunchalarini o‘zlarining botil da'volariga moslab talqin etayotgan da'vatlardan ogoh bo‘lishga chaqiramiz.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 01/11/2021 12:29;   Ko‘rilganligi: 928
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/oqim-tarafdori-deyilgan-imom-noibi-aslida-boshqa-kasb-egasi-bolgan
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 18:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing