O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

O‘n bir asrga teng ziyoratgoh yangilanmoqda, undagi masjid esa 7000 namozxonni o‘z bag‘riga sig‘diradi

 
 

Samarqand shahridagi ko‘plab muqaddas qadamjolar orasida “Xo‘ja Abdu Darun” majmuasi alohida o‘rin tutadi. Tahminan VIII– IX asrlarda yashab o‘tgan, mutasavvuf olim, adolatli qozi, diniy va dunyoviy ilmlar egasi bo‘lgan Xo‘ja Abdu Darun hazratlarining hoki poylari yotgan ushbu dargoh XII asrdan beri saqlanib keladi.

Ul zoti muazzamning maqbaralari Samarqandning qadimiy devori – Devori qiyomatning ichkari (tojikcha - darun) tomonida joylashgani uchun Abdu Darun laqabini olganlar.

Xo‘ja Abdu Darunning asl ismi Mu'izuddin bo‘lib, xo‘ja Muhammad Yaqubning farzandi, u esa xo‘ja Abdi bin Usmonning o‘g‘lidir.

Boshqa manbalarda allomaning Payg‘ambarimiz (s.a.v) avlodalaridan ekanligi keltirilgan.

 “Qandiya”da keltirilishicha, “Hazrati Shayx Abu Mansur Moturidiy aytgan ekanlarkim: “Bizning vafotimizdan keyin Hazrati Xoja Abdu Darunning yaqinlariga dafn etingkim, ul kishi yarim farsax yergacha atrofidagilarni o‘z himoyalariga olib shafoat qilurlar va biz ul kishining shafoatlaridan mahrum bo‘lib qolmaylik”.[1]

Mana shundan ikki muhim xulosa kelib chiqadi: birinchidan, Xo‘ja Abdu Darun chindan ham ulug‘ inson ekanligi zero Shayx Moturidiy kabi ulug‘vor agar u kishining shafoatlariga muhtoj ekan; ikkinchidan, ul buzurgvor ko‘milgan qabristonning qadimiyligi (IX asr), ya'ni u Shohi Zinda qabristonidan ham qadimiyroqdir. Manbalarda ko‘rsatilishicha, alloma milodiy 861 yilda vafot qilgan[2].

XIX asrda maqbara hovlining g‘arb tomoniga peshayvonli masjid va madrasa qurilgan. Peshtoq va devor naqshlari orasida masjidni bunyod etgan me'mor va naqshkorlar nomlari yozilgan hamda qurilish tugallangan vaqt 1908-1909 yillar ekani ko‘rsatilgan.

Masjid 1981 yildan buyon rasmiy faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bugungi kunda «Vaqf» xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali tasarrufidagi ushbu majmuada ta'mirlash-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Masjid to‘liq yangidan kengaytirib qurilmoqda.

“Vaqf” fondi tomonidan majmuaning maqbara qismi ta'mirlanayotgan bo‘lsa, mahalliy aholi, sahovatpesha insonlarning ko‘magida yetti ming namozxonni sig‘dirdira oluvchi, milliy me'morchilik  andozalari asosidagi katta masjid qurilmoqda. Qurilish ishlari 2019 yil mart oyida boshlangan.

 

Pandemiya sharoitida ham ishlar to‘xtab qolmadi, yozning jazirama kunlarida ham ustalarimiz jonbozlik bilan mehnat qilmoqdalar. Har kim o‘z himmaticha masjid obodligi uchun hissa qo‘shib kelmoqda. Savob ilinjida qurilish materiallarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berishmoqda”, deydi masjid imom-xatibi Zafar Mahmudov.

Bugungi kunga kelib, 39x41 o‘lchamdagi 3 qavatlik xonaqoh hamda minora devorlari ko‘tarilmoqda. 100 o‘rinlik tahoratxona qurilib, bitkazildi. Hozirda so‘ngi pardozlash ishlari olib borilmoqda. Xizmat xonalari, yordamchi xonalarni qurish, tashqi fasad, obodonlashtirish ishlari ham barobar olib borilmoqda. Nasib bo‘lsa, tez orada majmua tarkibida o‘zining yuqori imkoniyatlari bilan keng jome bo‘y ko‘rsatadi. Va ushbu masjid o‘zining sig‘imi bo‘yicha yaqinda Urgut tumanida qurib bitkazilgan masjiddan so‘ng viloyatdagi ikkinchi katta masjid bo‘ladi.

 

Ibodatgoh qurilishi ishlarida xizmat ko‘rsatayotgan barcha fidoiy insonlarga Alloh taolodan madad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz. Hissalarini qo‘shish istagida bo‘lganlar uchun:

H/r 20212000600361444001

INN 202610531

Milliy bank kod 00278

Click, Payme:

UzCard: 8600 0201 3353 7899     Mahmudov Zafar

VisaCard: 4790 9122 1007 1066   Mahmudov Zafar

 

 

[1] Abul Hakim Samarqandiy. Qandiya–S., 1994 “Sug‘diyon”. 37-b.

[2] “Qandiya”– 37-b.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Masjidlar bo‘limi


Kiritilgan vaqti: 17/09/2020 17:17;   Ko‘rilganligi: 998
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/on-bir-asrga-teng-ziyoratgoh-yangilanmoqda-undagi-masjid-esa-7000-namozxonni-oz-bagriga-sigdiradi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 23:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing