O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Xabarlar

Oltin silsila turkumidagi «Sahihi Muslim» kitobining birinchi juzi nashrga berildi

 
 

Ma'lumki, «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasi «Oltin silsila» turkumida dunyo musulmon ulamolari tomonidan yakdillik bilan e'tirof etilgan mo‘tabar hadis to‘plamlarini nashr qilmoqda.

Shunday xayrli ishning davomi sanalgan «Oltin silsila» turkumidagi «Sahihi Muslim» kitobining birinchi juzi nashrga berildi.

Avval habar qilganimizdek, joriy yilning 15 noyabr kuni nashriyotda shuningdek, yurtimizda mehmon bo‘lib turgan hindistonlik hadisshunos olim shayx Abdulloh Ma'rufiy hafizahulloh shu kuni «Oltin silsila» turkumining davomi «Sahihi Muslim» kitobining birinchi jildini nashr etish uchun ramziy tugmani bosib berdilar. Alloh taoloning xohish marhamati bilan yaqin ikki oy ichida hadis ixlosmandlari va barcha kitobxonlar ulug‘ muhaddis Muslim ibn Hajjoj rahmatullohi alayh tomonidan ta'lif etilgan «Sahihi Muslim» to‘plamining ilk nashrini o‘zbek tilida o‘qish baxtiga musharraf bo‘ladilar. Kitobda hadislarning arabcha matni ham keltirilgan bo‘lib, ular ko‘pchilik mutaxassislar tarafidan eng ishonchli deb e'tirof etilgan «Tavqun-najot» nashri asosida tayyorlandi.

«Sahihi Muslim» imom Muslimning shoh asari, uning ilmiy maqomini namoyon qilgan, shaxsini butun dunyoga tanitgan va asrlar osha nomini saqlab kelayotgan to‘plam hisoblanadi. Butun dunyo Imom Muslimni mazkur asari orqali taniydi va e'tirof etadi. Bu asar haqli ravishda «Sahihul Buxoriy»dan keyingi o‘rinni egallagan va asrlar osha ulamolarning diqqat markazida bo‘lgan. Shu bois ulamolarimiz unga bir qator sharhlar bitishgan va u haqda maxsus risolalar ham yozishgan. Bu kitobni o‘qimagan, undan foydalanmagan biror olim yoki tolibi ilm yo‘q desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu kitobga o‘ttizdan ortiq sharh kitoblar yozilgan bo‘lib, shuning o‘zi ham uning naqadar mo‘tabar to‘plam ekanini ko‘rsatib turibdi.

Islom ummati ulug‘ hofiz, buyuk muhaddis imom Muslimning «Sahih» kitobi imom Buxoriyning «Jome'us sahih»idan keyingi eng sahih kitob ekaniga ittifoq qilgan. Ba'zi ulamolar «Ayrim jihatlari bilan «Sahihi Muslim» «Sahihul Buxoriy»dan ham yuqori turadi» degan fikrni aytishgan.

«Sahihi Muslim» o‘zining muqaddimasi bilan boshqa asarlardan, jumladan, «Sahihi Buxoriy»dan ham ajralib turadi. Bu o‘z navbatida musulmon mualliflarning asarlarga muqaddima yozish borasida boshqalardan ancha ilg‘or bo‘lganini, bunga qadimdan e'tibor berib kelinganini anglatadi.

«Sahihi Muslim» nomi bilan shuhrat qozongan ushbu asarning nomi manbalarda turlicha keladi. Bunga sabab shuki, muallif kitobning o‘zida unga aniq nom bermagan. Biroq boshqa bir asarida uni «Al‑Musnadus‑sahih» deb ataydi.

Ba'zi ulamolar «Sahihi Muslim»ni to‘liq o‘qib, xatm qilgach, bunga oid noyob ma'lumotlarni qaydlab, alohida kitoblar yozishgan.

«Sahihi Muslim» asari yozilgan davridan boshlab bugungi kungacha ulamolarning qo‘lidan tushmay keladi. Bu asarning dovrug‘i o‘sha paytdayoq butun Islom olamiga tarqagan va u barchaning e'tirofiga sazovor bo‘lgan.

Ulamolar «Sahihi Muslim»da ismlari zikr etilgan imom Muslimning shayxlari, shayxlarining shayxlaridan to tobe'in va sahobalargacha bo‘lgan roviylarning hayotini o‘rganishga katta e'tibor qaratib, bu haqda alohida kitoblar ham yozishgan.

Imom Muslim o‘z «Sahih»ini o‘n besh yil davomida ta'lif qilgan. Bu esa muallif ushbu asarni yaratish uchun juda katta kuch sarflaganini bildiradi. Undagi hadislarni minglab sahih hadislar orasidan saralab, jamlashning o‘zi juda og‘ir mehnatdir. Imom Muslim bu haqda: «Ushbu sahih musnadni eshitgan uch yuz mingta hadislarim orasidan tasnif qildim», degan. Bu esa u zotga «Dunyo hofizlaridan biri» degan unvon bejiz berilmaganini anglatadi.

Imom Muslim o‘zining ushbu kitobi haqida: «Men bu kitobni yozib tugatdim va u sahihdir, dedim», degan. Yana: «Men uni sahih hadislardan to‘plab, qo‘limda jam bo‘lishi va huzurimdagilar uni mendan yozib olishlari uchun yozdim. Toki uning sahihligiga aslo shubha qolmasin», degan. Shuningdek, imom Muslim ushbu «Sahih»ga faqat muhaddislar sahihligiga ijmo' qilgan hadislarnigina kiritganini aytgan. Ulamolar «Sahihayn» haqida, jumladan, «Sahihi Muslim» haqida ko‘plab maqtovlar aytishgan, bu kitoblardagi hadislarning qat'iy sahihligini, ummat ularni yaxshi qabul qilganini e'tirof etishgan.

Eslatib o‘tamiz, «Hilol-nashr» jamoasi joriy yil bahorida «Oltin silsila» turkumida buyuk muhaddis imom Buxoriyning «Sahihul Buxoriy» to‘plamini sakkiz juzda to‘liq nashrdan chiqarishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Manba: Islom.uz


Kiritilgan vaqti: 21/11/2019 15:23;   Ko‘rilganligi: 1742
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/press/news/oltin-silsila-turkumidagi-sahihi-muslim-kitobining-birinchi-juzi-nashrga-berildi
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 11:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing